Qudratimiz ahillik va hamjihatlikda: 40 dan ortiq maxsus texnikalarimiz “Sardoba” suv omborini tiklash ishlariga jalb etilgan

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda yuzaga kelgan epidemiologik holat bilan bog‘liq qaror va farmonlariga muvofiq Navoiy kon–metallurgiya kombinati davlat korxonasi tarkibidagi bo‘linmalarda ham karantin tartibi joriy etildi.

Jumladan, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani hududida joylashgan “Zarmitan”, “G‘ujumsoy” konlarida va 4-GMZda uchun 13 dona masofadan turib tana haroratini o‘lchovchi termometrlar va 3 dona teplovizorlar o‘rnatildi. Oraliq masofani saqlash choralari ko‘rildi, belgilangan muddatlarda dezinfeksiya ishlari tashkillashtirildi.

Shuningdek, ishchilar oshxonalariga, yotoqxonalarga dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan muntazam ishlov berilmoqda. Karantin davrida qat’iy tartibda niqobda ish yuritish yo‘lga qo‘yildi, ishchi va xizmatchilar qo‘l yuvish uchun zarur bo‘lgan vositalar bilan to‘liq ta’minlandi.

Qayd etish lozimki, Zarmitan sanoat maydonidagi 4-GMZ ham barqaror sur’atda ishlab turibdi.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kat’iy kurash olib borilayotgan og‘ir va sinovli kunlarda kasallik tarqalishining oldini olish ishlariga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida kombinat ishchi va xodimlari ko‘ngilli ravishda birlashib, bir kunlik ish haqlarini “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga beg‘araz yordam sifatida o‘tkazishdi.

Dunyoda xursandchilik va tashvish, yutuq va qiyinchiliklar hamisha yonma-yon yuradi, deyishadi. Ketma-ket Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar ham xalqimiz matonatining yana bir imtihoni bo‘ldi.

Shu bois kombinatimiz Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlariga yetarli miqdorda qurilish materiallarini yetkazib berdi. “Sardoba” suv omborini tiklash ishlarida esa 40 dan ortiq maxsus texnikalarimiz tinim bilmay ishlamoqda.

Prezidentimiz tomonidan xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surilgach, bu xayrli ishga butun kombinat jamoasi labbay, deb javob berdi.

Xususan, korxona tomonidan kam ta’minlangan, ehtiyojmand 2700 oilaga, shu jumladan, Samarqand viloyatining Nurobod, Qo‘shrabot hamda Paxtachi tumanlarida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj 700 oilaga, yolg‘iz, kam ta’minlangan faxriylarga 13 turdagi uch oylik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Yorqin ShAKAROV,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.