“Qulupnayning kilogramini 250 ming so‘mdan sotdim”

Jomboy tumani Halvoyi mahallasida yashovchi Sharofat Bobonazarova oddiy qishloq ayoli. 3 nafar farzandi bor. Bola tarbiyasi, ro‘zg‘or yumushlaridan ortib, tomorqasida mehnat qiladi.

Hovlisida 3 sotixli issiqxona bunyod etilgan bo‘lib, bu yerda asosan qishda qulupnay yetishtiriladi. Tomorqadagi og‘irroq yumushlarni turmush o‘rtog‘i ishidan bo‘sh vaqtlarida bajarib beradi. Ekinlar parvarishi, hosilni yig‘ish va sotish ishlari bilan Sharofat opaning o‘zi shug‘ullanadi.

- Dastlab, bu yerda besh yil davomida limon yetishtirganmiz, - deydi u. – O‘tgan yili issiqxonada yetishtirilgan qulupnay hosilidan yaxshigina daromad qilish mumkinligini bilib qoldim. Avgust oyida turmush o‘rtog‘im Toshkentdan 2 ming tup ko‘chat keltirib, ekib berdi. Ko‘chatlar noyabr oyidan boshlab hosilga kira boshladi. 4 oydan beri kuniga 4-5 kilogramm qulupnay terib, sotyapman. Mijozlar uydan kelib olib ketishyapti. Yangi yil bayrami arafasida qulupnayni horijga eksport qiladigan tadbirkorlar 3-4 kunda bir kelib, kilogramini 250 ming so‘mdan sotib olib ketishdi. Bugungi kunda kilosini 120 ming so‘mdan sotyapman. Qish oylarida ham shu hovlidan chiqmay tomorqadan oyiga o‘rtacha 10 million so‘m daromad qilayotganimdan xursandman. Biror joyda ishlash imkoniyatim yo‘q. Sababi, nogironligi bo‘lgan qizimning qarovchisiman ham.

Sharofat opaning issiqxonasi tabiiy yo‘l bilan isitiladi. Ko‘chatlar faqat mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi va shuning uchun bo‘lsa kerak, bu yerda yetishtirilgan qulupnay juda mazali.

- Issiqxonamiz yerdan uch metr chuqurlikda joylashgan, - deydi Sh.Bobonazarova. – Ustiga ikki qavat plyonka tortilgan. Bu ekin ko‘p suv talab qiladi. Suvni tejash maqsadida ham tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanamiz va bu yaxshi natija beryapti. Mahallamizda hali hech kim issiqxonada qulupnay yetishtirmagan edi. Biz boshlab beryapmiz. Boshqalar ham o‘rganishi uchun mahalla faollari tashabbusi bilan tomorqamizda amaliy seminarlar tashkil etyapti. Qo‘limdan kelgancha qo‘ni-qo‘shnilarimga o‘rgatishga harakat qilyapman. Qishlog‘imizda qishda qulupnay yetishtirishni kengaytirsak, xorijga eksport qiladigan tadbirkor mijozlar uchun ham yaxshi bo‘lardi. Sababi, ularga ham bir qishloqdan bir mahsulotni yig‘ib olib ketish ancha qulay.

Shuningdek, issiqxonadan tashqari 2 sotixlik tomorqada uzumning xaridorgir navlari yetishtiriladi. Xonadon egalari bu yerda yetishtirilgan mayizning kilogramini 200-250 ming so‘mdan sotar ekan.

E’zoza MEYLIYeVA,

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).