Qurilishlar uchun bo‘layotgan tenderlar haqqoniyligiga ishonch kam. Bu bo‘yicha loyihalar tanlovini ham oshkora o‘tkazish kerak

Bugun viloyat hokimligi Siyob bog‘i lanshaft-dizayni konsepsiyasi uchun tanlov e’lon qilganini ko‘rib, rosti, quvonib ketdim. Bahonada, viloyat hokimiga bu borada ko‘nglimda to‘planib qolgan gaplarimni aytishga qaror qildim.

Qurilish – katta siyosat. Uning ichida manfaatlar kurashi bor. Davlat o‘z fuqarolari ehtiyojini qondirish, shahar va qishloqlarning ko‘rkam, obod bo‘lishidan manfaatdor. Aholi arzon, zamonaviy uy olishdan, o‘z maskanida go‘zal binolar barpo bo‘lishidan manfaatdor. Quruvchi esa istaymizmi, yo‘qmi, tayyor pulga hashamatli imorat qurishdan, shuning evaziga daromad qilish, aniqrog‘i, foyda ko‘rishdan manfaatdor.

Afsuski, keyingi 10-15 yilda quruvchi manfaati hammasidan ustun keldi. Investitsiya dasturlari nazorati sustligimi, tomoshabinlik kayfiyatimi yoki shaxsiy manfaatmi, ishqilib, qurilishlar taqdiri shaxs omiliga bog‘liq bo‘lib qoldi. Bu jarayon oqibatlarini endi sezib, og‘rinib turibmiz. Eh-he, hatto hokimiyat bilan hisoblashmaydigan quruvchilar ham chiqdi...

Hayriyat, davlatimiz rahbari bu sohaga e’tibor qaratdi. Sohada islohotlar boshlandi. Eng katta talab - bu oshkoralikni ta’minlash zarurligi bo‘ldi.

Bugungi tanlov viloyatda qurilish va obodonchilikda yangi bosqich boshlashiga ishonaman. Hali shahardagi barcha kanal va ariqlar sohillarini qayta qurish loyihalari tanlovi bo‘lishiga ham ishonaman.

Lekin ayni paytda investitsiya mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan qurilishlar uchun bo‘layotgan tenderlar haqqoniyligiga ishonchim kamroq. Negaki, ular haqida faqat e’lon ochiq beriladi. Tender jarayoni haqida ma’lumot berilmaydi. Tender komissiyasi a’zolari ham oldingi quruvchilar sabog‘ida, “ibrati”da shakllangan. Ehtimol, yaqin kishilari ham bo‘lishi mumkin.

Nazarimda, bu jarayonga yana kimlarnidir jalb etish yo‘lini qilish kerak. Iloji bo‘lsa, tender onlayn tarzda barchaga namoyish etilsa. Viloyat hokimi loyihalar tanlovini oshkora ko‘rayotgan bir paytda bu ishni ham shunday qilish imkoniyati bor.

Endi barcha tumanlarda yirik qurilishlar joyini aniqlash, loyihasi uchun tanlov e’lon qilinsa yaxshi bo‘lardi. Ayniqsa, tender jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilgani ma’qul. Zero, aholi loyihalarimizdan qanchalik ko‘p xabardor bo‘lsa, uning ijrosida shunchalik faol ishtirok etadi.

Hozircha shu. Endi fidoyi quruvchilar, loyihachilar, deputatlar, jamoatchilik bu haqda o‘z gapini aytadi, degan umiddaman.

Farmon TOShEV.