Qushlar qancha vaqt yerga qo‘nmasdan ucha oladi
Ba’zi qushlar qo‘nmasdan havoda bir necha oy ucha olishini bilarmidingiz?
Bu borada jarqaldirg‘och (uzunqanot)lar mutlaq rekordchi. Shved olimlari bu qushlar 10 oy davomida yerga qo‘nmasdan osmonda uchib yura olishini isbotladi.
Uelslik ornitolog Ronald Lokli dastlab 1970 yillarda jarqaldirg‘ochlarning havodagi parvozi bir necha oy davom etishi mumkinligini aytgan edi. Biroq, faqat 2016 yilga kelib, bu taxmin Lund universiteti olimlari tomonidan isbotlandi.
Tadqiqotchilar bir necha yil davomida maxsus datchiklar o‘rnatilgan 13 ta uzunqanotni kuzatib borishdi.Tadqiqot natijalari olimlarni hayratda qoldirdi. Jarqaldirg‘ochlarning 10 tasi yerga yiliga atigi ikki marta qo‘ndi, qolgan uchta qush esa 10 oy davomida havoda qoldi.
Bu juda ta’sirli, chunki bu qushlar juda kichkina, ularning vazni 40 grammdan oshmaydi. Lekin ular qanday qilib shu o‘lchamlari bilan uzoq vaqt havoda qolishadi? Ular energiyani qayerdan olishadi?
Qizig‘i, qushlar parvoz paytida havoda bo‘lgan hasharotlar bilan oziqlanadi. Parvoz paytida tamadi qilib olishdan tashqari, qushlar uyquga ham muhtoj. Ular havoda qanday uxlashlari noma’lumligicha qolmoqda.
Lekin tinib-tinchimas olimlarning fikriga ko‘ra, ular o‘zlarini uzun dumli yirik fregat qushlar singari tutishlari mumkin va uchish paytida "o‘zini o‘chirib qo‘yadi". Jarqaldirg‘ochlar taxminan ikki kilometr balandlikkacha ko‘tarila oladi va pastga tushish paytida uxlab olib, dam olishi mumkin.