Quturish bedavo kasallikmi?
Ravshan SALOMOV,
Kattaqo‘rg‘on tumani.
– Quturish oqibati o‘limgacha olib keluvchi markaziy asab tizimining shikastlanishini kuchaytiruvchi o‘tkir kasallik hisoblanadi. U quturgan hayvonlarning tishlashi yoki yuqumli virus so‘laklari orqali yuqadi. Kasal hayvonlarning tashlanishi har doim ham kasallik olib kelmaydi, ammo xavf doimo mavjud bo‘ladi, chunki uning virusi insondan insonga yuqadi. Teri qoplamalarining shikastlanishi orqali inson organizmiga o‘tgandan so‘ng, quturish virusi nerv tolalari bo‘yicha asab tizimi markaziga yetib keladi. U bosh va orqa miyada jiddiy o‘zgarish keltirib chiqaradi.
Zamonaviy tibbiyotda hanuz quturishga qarshi davo topilgani yo‘q. Ammo uning oldini olish, ya’ni quturgan hayvon tishlagan odamni kasallikdan batamom saqlab qolish mumkin.
Har yili 16 fevraldan 16 martga qadar mamlakatimizda "Hayvonlarning quturish kasalligiga qarshi kurash oyligi" tashkil etilishi o‘z samarasini bermoqda. Shu bois so‘nggi yillarda hayvonlar o‘rtasida quturishga chalinish holatlari keskin kamaydi.
Viloyatimizda oylik davomida mavjud 434 ta zooveterinariya punkti mutaxassislari tomonidan aholi xonadonlarida it, mushuk va boshqa uy hayvonlarini saqlash qoidalari targ‘ib qilinib, mavjud 260 ming boshdan ziyod it qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. Emlash uchun 105 mingdan ortiq vaksina keltirildi. Viloyat bo‘yicha 47 ming 300 bosh uy jonivorlari emlanib, 34 ming 730 tasiga guvohnoma berildi. Hozirda ham shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari qarovsiz jonivorlarni tutish va yo‘q qilish choralarini ko‘rmoqda.
Ushbu kasallikning belgilari sezila boshlaganda darhol shifokorga murojaat qilinishi kerak. O‘z vaqtida profilaktika qilinsa, quturishning oldini olish mumkin.
Elmurod TOShMURODOV,
viloyat veterinariya boshqarmasi boshlig‘i.