Quvayt amiri vafot etdi

29 sentyabr kuni Quvayt amiri Sabah al-Ahmad as-Sabah yoki Sabah IV AQShda vafot etdi. Ma’lum qilinishicha, u bir muddat oldin o‘tkazgan operatsiyadan so‘ng AQShda davolanayotgan edi. Bu haqda RIA Novosti nashri, amir devoni Ali al-Jarah as-Sabahning Quvayt davlat televideniyesi efirida bergan bayonotiga tayanib ma’lum qildi.

“Quvayt amiri Sabah al-Ahmad As-Sabah zoti oliylari Allohning yoniga qaytdi”, dedi devon.
Sabah IV dunyodagi eng yoshi keksa yetakchilardan edi. U 2006 yildan buyon Quvaytga yetakchilik qildi. Sabah al-Ahmad as-Sabah 91 yoshida vafot etdi.
Sabah IV vafotidan so‘ng shaxzoda Navaf al-Ahmad al-Jabir as-Sabah Quvaytning yangi amiri etib tayinlandi.

“Hukumat Konstitutsiyaning 4-moddasiga binoan, oliy valiaxd Navaf al-Ahmad zoti oliylarini Quvayt davlatining amiri etib tayinladi. Rasmiy idoralar faoliyati uch kunga to‘xtatildi, mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilindi”, dedi Vazirlar mahkamasi masalalari bo‘yicha davlat vaziri Anas Xolid al-Solih.