Quyon go‘shtiga ta’bingiz qanday?

Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘yimliligi bo‘yicha quyon go‘shtining 1 kilogrami eng yaxshi mol go‘shtining 1,45 kilogramiga teng. Tarkibida xolesterin kamligi bois qo‘y, mol va boshqa jonivorlarnikidan farq qiladi. Quyon go‘shti oqsilining 90 foizi inson organizmida to‘liq o‘zlashtiriladi. U shuningdek, mineral tuzlarga, kalsiy va fosforga boy. Umuman olganda, xushta’m. Shu kabi ijobiy fazilatlari tufayli quyon go‘shti jigar, me’da, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, qandli diabet, allergiyasi bor insonlarga tavsiya etiladi.

Quyon terisidan tabiiy va qimmatbaho mo‘yna olinishi ham e’tiborga molik. Quyon terisi charm-galantereya mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqarishda sifatli xom ashyo hisoblanadi. Bir kilogramm quyon momig‘idan 2000 metr sifatli ip olish mumkin ekan. Qisqacha aytganda, bu  mitti va momiq jonivorning foydali jihatlari ko‘p. Tarmoqni rivojlantirish va bu turdagi go‘sht iste’molini aholi o‘rtasida targ‘ib qilish va ko‘paytirish ayni kunda oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi ayrim muammolarimizga yechim bo‘lsa, ajabmas.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tayanch doktoranti Bahodir Ibragimov ayni kunlarda shu mavzuda izlanishlar olib borayotgan yosh, iqtidorli olimlardan biridir.

– Mamlakatimizda quyonchilik yaxshi rivojlangan, sanoat darajasiga chiqqan, deb aytish qiyin, – deydi B.Ibragimov. – Bu daromadli yumush bilan shug‘ullanuvchilar ham ko‘p emas. Negaki, bizda quyonchilikni yaxshi tushunadigan mutaxassis barmoq bilan sanarli. Lekin bugun mazkur sohaga e’tibor oshdi. Joylarda quyonchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar tashkil etilmoqda. Chorvachilikning bu tarmog‘ida mahsulot tez yetiladi va juda serdaromad soha. Shuning uchun xo‘jalik egalari mahsulotini kimga sotishni ham oldindan bilishi kerak. Quyon go‘shti uchun boqiladimi yoki terisi uchunmi, shunga qarab, ishlar tizimli tashkil etilishi lozim. Tarmoqning ozuqa bazasini shakllantirish ham dozarb masala. Hozir yurtimizda bu  masalalarni hal etish, tarmoqni kuchaytirishga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotganini e’tirof etish kerak.

Quyonchilik jahon iqtisodiyoti va iste’molida asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Misol uchun, Xitoyda quyon go‘shti kam iste’mol qilinishiga qaramasdan, mazkur mamlakat uni yetishtirish bo‘yicha dunyoda  yetakchi o‘rinda turadi. Xitoy quyonchiligida mo‘ynali va tivitli zotlarni parvarishlashga alohida e’tibor qaratilgan. Ikkinchi o‘rinni esa Italiya  egallaydi.  Aholi boshiga quyon go‘shti iste’mol qilish darajasi balandligi (yiliga 5,5-6 kilogramm) ham italyanlarga tegishli. Bu ko‘rsatkich Fransiya, Germaniya va Vengriyada 2,5-3 kilogramni tashkil qiladi va mazkur mamlakatlarda 65 foiz mahsulot klaster usulida ishlab chiqariladi.

Sog‘lom ovqatlanishning zamonaviy tendensiyasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining parhez go‘sht iste’mol qilish me’yori xususidagi tavsiyasiga ko‘ra, inson yil davomida iste’mol qiladigan go‘sht mahsulotlarining 5 foizi, ya’ni 4,5 kilogrami quyon go‘shti bo‘lishi kerak. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi kunda yurtimiz bozorida nazariy jihatdan yiliga 150 ming tonna quyon go‘shtiga talab bor.

O‘zbekiston Respublikasining tabiiy-iqlim sharoiti, quyonchilarning tajribalari hamda sohaga doir xorijiy ma’lumotlar quyon mahsulotlari ishlab chiqarishni to‘g‘ri tashkillashtirish, tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli va shubhasiz samarali ekanligini ko‘rsatadi.

Bizning mamlakatda asosan go‘sht va mo‘yna-go‘sht yo‘nalishidagi quyon zotlari urchitilib, ko‘proq aholi shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida parvarishlanadi. 2016 yildan quyonchilikni sanoat asosida urchituvchi agrofirmalar tashkil etila boshlandi. Quyonchilik rivojlangan Italiya, Fransiya kabi mamlakatlarda ham ishlab chiqiladigan quyon mahsulotlarining 40 foizdan ortig‘i ishqiboz quyonboqorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bir ona quyondan yil davomida o‘rtacha 5-6 marta avlod olish imkoni bor. Har bir tug‘ishda zotning xususiyatiga qarab, o‘rtacha 7-8 bosh (ba’zan 19 boshgacha) avlod olish mumkin. Bu yil davomida bir ona quyondan 30 boshdan ortiq quyon bolalarini yoki onasidan ajratilgandan so‘ng o‘rtacha 60-70 kilogramm tirik vazn hisobida parhez go‘sht yetishtirish imkonini beradi.

Agar quyonlarning asosiy qismi aholi tomorqa xo‘jaliklarida parvarishlanayotganini hisobga olsak, aksariyat quyonboqarlar quyon terisiga uy sharoitida ishlov berish texnologiyasining nazariy va amaliy jihatlaridan bexabarligini ham ta’kidlash lozim.

Bahodir Ibragimovning tadqiqotlari Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Ikrom Mahmudov” nomli ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida  o‘tkazildi. Quyonlar 3 oyligida go‘sht uchun so‘yilgan bo‘lib, bunda teri ikkilamchi mahsulot hisoblanadi. Teriga maxsus texnologiya yordamida bosqichma-bosqich ishlov berilganda, kerakli natijaga erishish, sifatli va bejirim mayin mo‘yna olish imkoni paydo bo‘ladi.

Yana bir gap. Xalqimiz orasida quyon go‘shti bilan bog‘liq ba’zi gap-so‘zlar yuradi. Ayrimlar “quyonlab”, degan nuqsonning kelib chiqishini shu bilan bog‘lashadi. Ammo bu kasallikni keltirib chiqaruvchi omillarga quyon go‘shtining mutlaqo aloqasi yo‘qligi allaqachon isbotlanganini ham ta’kidlash lozim.

...Supermarketlarga kirganingizda, oqishroq rangli go‘shtni ko‘rganingizda, surishtirib  ko‘ring-chi, balki quyon go‘shtidir? Pishirib, mazasini bir tatib ko‘ring, xushta’m, yengil hazm bo‘lishiga o‘zingiz amin bo‘lasiz.

Yog‘siz, xolesterinsiz go‘sht yeb turishimiz kerak-ku!? Bu sog‘liqqa ham juda foydali, vazn to‘plamaysiz, yengil yurasiz...

Gulchehra BERDIYoROVA.