Rasul Kusherbayev: OAV parlament "eshigi"ni to‘xtatmay taqillatishi kerak
Lekin amalda bu holat deyarli kuzatilmayapti.
Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Navoiy shahrida "Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi va zamonaviylik" mavzusidagi respublika mediaforumi bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, Kanada davlatidagi o‘zbek jurnalisti Ismat Xushev, taniqli jurnalist Farmon Toshev va boshqalar bugungi kunda OAV oldida turgan dolzarb vazifalar xususida to‘xtaldi.
Mediaforum doirasida parlament quyi palatasi deputati Rasul Kusherbayev bilan OAV qonunchiligiga doir suhbat bo‘lib o‘tdi.
Deputatning fikricha, matbuot tom ma’noda to‘rtinchi hokimiyat bo‘lishi uchun o‘z huquqlarini talab qilishni ham bilishi kerak. Misol uchun, bosma nashrlarni davlat byudjeti mablag‘laridan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamon qonun yo‘q. Bu borada tashabbus bilan chiqqan R.Kusherbayev masala doirasida qator qiyinchiliklarga duch kelganini aytib o‘tdi. Qonunchilik palatasi tomonidan masalaga jiddiy e’tibor qaratilmasligining sabablaridan biri sifatida OAVlarda bu borada chiqishlar yo‘qligini qayd etdi.
- Umuman, sud va ijro hokimiyati qatori qonun chiqaruvchi hokimiyat ham medianing asosiy tanqid nishoni bo‘lishi zarur, - deydi R. Kusherbayev. - Chunki ayni shu soha xalqning ovozi. Kerak bo‘lsa aynan qanday qonunlar dolzarb ekanligini OAVdan bilishimiz to‘g‘ri bo‘ladi.
U ijro hokimiyatining qaysidir bo‘g‘ini yoki tarmog‘i "qo‘li"ga qarab qolgan nashr, shubhasiz, targ‘ibot quroliga aylanib qolishini bildirdi. Bunday OAVlar bilan esa orzu qilinayotgan fuqarolik jamiyatini qurib bo‘lmaydi.
Tadbir doirasida o‘zbek mediamakonining yetakchi vakillari ham OAVlarni tom ma’nodagi to‘rtinchi hokimiyat bo‘lishi uchun e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlari hamda oldinda turgan vazifalar xususida so‘z yuritishdi.