O‘zbekiston — Rossiya xalqaro sog‘liqni saqlash forumida 170 dan ortiq memorandum imzolandi
Xabar qilganimizdek, Samarqand shahrida O‘zbekiston — Rossiya xalqaro sog‘liqni saqlash forumi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Murashko, shuningdek diplomatik korpus vakillari, har ikki mamlakatning yetakchi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektor va professorlari, nufuzli tibbiyot klinikalari, ilmiy tadqiqot institutlari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, yirik farmatsevtika va tibbiyot kompaniyalari rahbarlaridan iborat 500 nafar qatnashchi ishtirok etdi.
Anjumanda tibbiyot sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar, kadrlarni tayyorlash, qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlar, mahorat darslarini o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish, neyroxirurgiya, pediatriya, xirurgiya, kardiologiya, onkologiya yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Forum doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, O‘zbekistonda Rossiya tibbiyot ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, sheriklikning yangi shakllarini joriy etish bo‘yicha 172 ta memorandum va qator kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha rezolyusiya qabul qildilar.
Anjumanda O‘zbekistonda tibbiy ta’limni rivojlantirish, mamlakatimiz tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish hamda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Murashko, Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti rektori D.Ivanov, N.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti rektori S.Lukyanov, Rossiya uzluksiz kasbiy ta’lim tibbiyot akademiyasi rektori D.Sichev hamda Rossiyaning boshqa qator tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlariga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Shuningdek, bir guruh rossiyalik mutaxassislarga tashakkurnomalar va O‘zbekiston OTMlarining faxriy professori unvonlari berildi.