Rahbarlar o‘qidi, malaka oshirdi, gap endi uning natijasida

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 10-29 may kunlari tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarining bosh mutaxassislari, shuningdek, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi mas’ul kotiblari uchun 60 soatga mo‘ljallangan malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Ta’kidlash lozimki, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali davlat fuqarolik xizmatchilarining 2018-2020 yillarda malaka oshirish ko‘rsatkichlarini tahlil qilgach, ko‘rsatkichlar juda pastligi aniqlangan. Jumladan, 2018 yilda Samarqand viloyati va tuman (shahar) hokimliklari 426 nafar rahbar hamda xodimlardan 6 nafari (1,4 foiz), 2019 yilda 447 nafar xodimdan 49 nafari (11 foiz) hamda 2020 yilda 443 nafar xodimdan 32 nafari (7,2 foiz) malaka oshirish kurslarida o‘qigan, xolos. Qolaversa, malaka oshirish kurslarining aksariyati hokimlik rahbar va xodimlarining aynan sohaviy bilimlarini rivojlantirishga qaratilmagan, hokimliklarning o‘rta bo‘g‘in rahbarlari asosan Davlat boshqaruv akademiyasi hamda uning hududiy filialida “Zamonaviy boshqaruv”, “Boshqaruv mahorati” kurslarida, quyi bo‘g‘in xodimlari esa saylov qonunchiligi, davlat tilida ish yuritish kabi yo‘nalishlarda malaka oshirgan.

Joriy yilning malaka oshirish ko‘rsatkichlari tahlil qilinganda aprel-may oylari davomida viloyat bo‘yicha jami 61 nafar o‘rta bo‘g‘in rahbarlari hamda 102 nafar quyi bo‘g‘in xodimlari, jami 163 nafar (36 foiz) davlat fuqarolik xizmatchisining malakasi oshirildi.

Ushbu o‘quv mashg‘ulotlarining ikkinchi oyi davomida ishtirok etgan 102 nafar tinglovchilarning nafaqat nazariy, balki ishlab chiqarish obektlariga tashrif buyurgan holda amaliy bilimlari, shuningdek, kasbiy va shaxsiy kompetensiyalari ham rivojlantirildi.