Rahbarlik imtiyoz emas, xalqqa xizmat qilish

Endilikda fuqarolar o‘z muammolari bilan bir qatorda loqaydlik, ildiz otayotgan illatlar, rivojlanishga g‘ov bo‘layotgan o‘zibo‘larchilik, mahalliy hokimiyatda sansalorlikni kasb qilib olgan ayrim xodimlar faoliyati ustidan ochiq-oydin, hech kimdan hadiksiramasdan gapirmoqda.

Oshkoralik, ochiqlik yaxshi, albatta. AmmoAmmo masalaning boshqa tomoni kishini ajablantiradi. Aholi murojaat, ariza va shikoyatlarining aksariyati joyida o‘rganilib, mahalliy hokimiyat darajasida hal bo‘ladigan muammolar. Endilikda ular shunday hal etilyapti. Bu muammolar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Yillar davomida yig‘ilib kelgan. Aytaylik, aholini ichimlik suv, gaz, elektr bilan ta’minlash, obodonlashtirish, yo‘l, ko‘chalarni ta’mirlash, uy-joy, ijtimoiy yor­dam, tibbiy xizmat sohalaridagi muammolar. O‘zlarini qiynab kelgan bu muammolar haqida odamlar ilgari ham mahalliy hokimiyat organlari, idoralariga takror-takror murojaat qi­lishgan, lekin "labbay" deb javob beradigan mutasaddi topilmagan. Natijada yuqoriga murojaat qilishgan. Savol tug‘iladi: nega?

Gap shundaki, juda ko‘p katta-kichik lavozimda o‘tirgan rahbarlar o‘zlariga ishonib topshirilgan amalni imtiyoz bilib, suiiste’mol qiladi. Xalqni emas, o‘zlarini o‘ylaydi.

Xalq huzuriga borishni ep ko‘rishmaydi, ularning dardu tashvishlarini tinglash o‘rniga huzuriga arz bilan kelganlarni sarsonu sargardon qiladi. Natijada fuqarolarda rahbarlarga nisbatan ishonch yo‘qoladi. Tumanlarda shunday qishloq, mahallalar borki, o‘n yillar davomida na tuman, na birorta tashkilot, idora rahbari aholi huzuriga kelib, hol-ahvolini so‘ramagan.

Past Darg‘om tumanida ilgari Do‘rmontepa qishloq fuqarolar yig‘ini deb atalgan hududda to‘rtta qishloq, oltita mahalla bor. O‘tgan yillar davomida tumanda bir nechta rahbar ishlab ketdi. Shu yerda yashayman. Ularning birortasini u yoki bu mahallaga kelib, aholi bilan uchrashuv o‘tkazganini, muammosini eshitganini eslolmayman.

To‘g‘ri, rahbarning yuki og‘ir. Ammo u shuning uchun ham rahbar-da. Bu lavozimga duch kelgan kishi tayinlanavermaydi. Davlat, odamlar unga ishonishadi va ko‘p narsa talab qilishadi ham. Tuman yoki hududda u hal qilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, madaniy sohalarda muammolar qalashib yotibdi. Ularning ko‘p qismi ma’lum vaqt, katta mablag‘ va boshqa resurslarni talab qiladi. Bu tushunarli. Ammo rahbarning tashkilotchilik, tashabbus bilan aholini oyoqqa turg‘azib, ko‘p muammolarni hal etish imkoni ham katta-da! Buning uchun esa u xalq orasiga kirib borishi, qo‘l ostidagi boshqa idoralar mutasaddilaridan ham shuni talab qilishi lozim.

Ko‘ryapmiz, oshkoralik, ochiqlik, odamlar bilan joylarda yuzma-yuz ochiq muloqotlar yo‘lga qo‘yildi. Sohasi, lavozimi katta-kichikligidan qat’i nazar, rahbarning xalq oldida hisob berishi talab qilinmoqda. Rahbar va mas’ul xodimlar, mutasaddi tashkilot, huquq-tartibot organlari vakillari xalq orasiga kirib, muammolarni hal etish bilan jiddiy shug‘ullanmoqda.

Rahbarlik imtiyoz emas, og‘ir yuk, katta mas’uliyat. Xalq dardu tashvishi bilan yashagan rahbarning martabasi ulug‘, obro‘si  baland bo‘ladi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.