Ramazon oyida ko‘ngil so‘rash - savob

Bugun 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat birlashgan qo‘mitasi tomonidan 50 nafarga yaqin faxriylarga sovg‘a ulashildi.
Xususan jurnalist, yozuvchi, teatr va madaniyat xodimlari, faxriy sportchilardan ko‘ngil so‘rab, o‘zlarining sovg‘alarini topshirdi.
Dastlab, viloyat Matbuot uyida boshlangan tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev olib bordi va faxriylarni bayram bilan tabrikladi.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Rafiqov ijodkor ahlini doim qo‘llashi va albatta imtiyozli yo‘llanmalar bilan sanatoriylarda davolanishlari uchun sharoit yaratilishini bildirdi.
Faxriy ijodkorlardan Hamida Karimova, Hosiyat Bobomurodova, Abdurahmon Boshmonov, Matlab Hasanov bu e’tibordan mamnun ekanliklarini aytishdi. Vafot etgan ijodkorlar xotirasi yodga olindi.
Kasabachilar madaniyat boshqarmasida ham bo‘lib, soha faxriylarini tabrikladi. Ularning ham ko‘nglidagi gaplarni eshitdi. Faxriy sportchilardan ham hol so‘raldi va sovg‘alar ulashildi.
- Ijodkorga ko‘ngil so‘rashning o‘zi ham zavq beradi, - deydi 83 yoshli faxriy jurnalist Nasiba Tursunova. – Biroz tobim yo‘q edi, to‘g‘risi, uyimga sovg‘a bilan kelib, meni tabriklaganda sog‘ayib ketdim, dilim yayradi, keksayganingda bundan ortiq baxt bormi? Gazeta sohasida qariyb qirq yil ishlagan bo‘lsam-da, ish joyimni hamon qumsayman. Bu kabi kutilmagan uchrashuvlar esa insonni yoshartiradi.
Husan Eltoyev.