Raqamlashtirish hujjatning saqlash sifati va muddatini uzaytiradi

“O‘zarxiv” agentligi va viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan davlat arxivlarida amalga oshirilayotgan ishlar va ish yuritish holati bilan tanishtirish bo‘yicha Past Darg‘om va Samarqand tumaniga press-tur tashkil etildi.

- Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish orqali ularning uzoq vaqt saqlanishiga erishiladi, - deydi “O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev. -  Xususan, o‘tgan yil Samarqandda qog‘oz asosidagi o‘ta qimmatli hujjatlarni aniqlash va ularning elektron nusxalarini yaratish ishlarini olib borishda arxivlarda xujjatlardan 3587 saqlov birligidagi 896 ming 649 ta kadrdan iborat hujjatlarning elektron nusxalar yaratildi. Hozirda bu hujjat nusxalari “O‘zarxiv” agentligi tomonidan joriy etilgan e.archive.uz elektron tizimiga bosqichma-bosqich kiritilib borilmoqda.

Jurnalistlar Past Darg‘om tumani davlat arxivida hujjatlar saqlanishini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar, hujjatlarni raqamlashtirish jarayoni, Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish ishlari, arxivda tashkilotlar hujjatlariga ilmiy texnik ishlov berish jarayoni bilan tanishtirildi.

- Bugungi kunda arxivimizda 1926-2020 yillarni o‘z ichiga olgan 393 ta fond mavjud, - deydi tuman davlat arxivi direktori Abdurazzoq Diyarov. – Ularda 76 ming 782 ta saqlov birligidan ortiq hujjatlar saqlanib kelinmoqda. Yaqinda arxiv hujjatlarini raqamlashtirish maqsadida Yaponiyada ishlab chiqarilgan “Fujitsu ScanSnap SV600” rusumli 3 dona zamonaviy skaner xarid qilindi. Hozirgi kunda arxiv tomonidan 689 saqlov birligida 192 ming 827 kadr hujjatlarining elektron nusxalari yaratildi.

Press-tur ishtirokchilari Samarqand tumani davlat arxivida ham bo‘ldi. Tuman davlat arxivi direktori Dilshod Qodirov hujjatlarni restavratsiya qilish laboratoriyasi, hujjatlarni ta’mirlash va unga ishlatiladigan xomashyolar hamda dastgohlar bilan ishlash jarayoni bilan tanishtirdi.

Press-tur yakunida viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Mamanazarov 2021 yilda davlat arxivlarida amalga oshirilgan ishlar hamda 2022 yilda belgilab olingan rejalar yuzasidan axboroti tinglandi.

- Viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimida  bugungi kunda 7 ta davlat arxivi, 1 ta davlat arxivining filiali va 12 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari tomonidan arxiv xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda, - deydi A.Mamanazarov. - Bugungi kunda shahar va tuman  arxiv muassasalaridagi 12 ming 600 ta fondda 1 million  542 ming 524 saqlov birligidagi hujjatlar saqlanmoqda. Shundan  asosiy faoliyatga oid hujjatlar 890 ming 113 saqlov birligini, shaxsiy tarkib hujjatlari esa 646 ming 582 saqlov birligini, shaxsiy kelib chiqish hujjatlari 5 ming 155 saqlov birligini hamda ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari 674 saqlov birligini tashkil etadi. Viloyat arxiv muassasalari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘tgan yil davomida viloyat, tuman va shahar muassasalarida 62 ming 998 ta, shundan  44 ming 557 ta ijtimoiy huquqiy, 18 ming 441 ta mavzuli so‘rovlar kelib tushdi. So‘rovlar belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilib, 56 ming 294 tasi ijobiy hal etildi. 46 ming 311 nafar fuqaroga viloyat arxiv muassasalari tomonidan bepul arxiv xizmati ko‘rsatildi.