Raqamli iqtisodiyot: afzalliklar nimalarda namoyon?

Raqamli iqtisodiyot tushunchasi mamlakatimizga 2018 yillardan boshlab kirib keldi. Bu qanaqa iqtisodiyot, degan savol hammada paydo bo‘ldi.

Aytish mumkinki, raqamli iqtisodiyot jamiyatda sodir bo‘ladigan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va madaniy aloqalar (jarayonlar) ni raqamli texnologiyalarni qo‘llash asosida masofadan turib amalga oshirishdan iboratdir. Shu tufayli buni odamlar o‘rtasida “internet iqtisodiyoti”, innovatsion iqtisodiyot”, “yangi iqtisodiyot”, “veb-iqtisodiyot” kabi atamalar bilan ham atamoqda.

Bundan ko‘rinib turibdiki, biz raqamli iqtisodiyot elementlaridan ancha vaqtdan buyon foydalanib kelmoqdamiz. Masalan, qishloqda to‘y qilsa, oldinlari maxsus aytuvchi (xabarchi) tayinlanar edi. U birorta ulovga minib qishloqma-qishloq yurib, aytilishi kerak bo‘lgan odamlarning o‘zini ko‘rib aytib chiqardi. Keyinchalik taklifnoma qilib, bir kishidan shu qishloqqa yetkazadigan va kimdir egalariga tarqatadigan bo‘ldi. Bu bilan xabar qilish jarayoni ancha yengillashdi. Ushbu jarayon asta-sekinlik bilan telefonga almashdi. Telefon orqali og‘zaki xabar qilinadi, xolos. Ammo axborotlar ko‘payib, xotirada saqlanishi shubhali bo‘lib qolgan hozirgi paytda telegram orqali aniq vaqtini, manzilini, kimni, kimnikiga aytilishini xabarini bermoqda. Mana shu jarayondan ko‘rinib turibdiki, oddiy xabar berish tabiiy holatdan raqamli holatga aylanib qoldi.

Yuqoridagi ikkita holatda ham bitta vazifa (ish) bajarilgan. Ammo ikkalasining farqi nimalardan iboratligini tushuntirib o‘tirishga izohning hojati bo‘lmasa kerak. Bu yerda faqat bitta xabar masalaning o‘zagini tashkil qiladi. Bu birorta yuk emas, boshqa predmet ham emas. Uning vazni ham, ko‘rinishi ham yo‘q. Oddiy xabar. Lekin shuni yetkazishda oldingi bilan hozirgi vaziyatni bir solishtirib ko‘ringchi, qanchalik farq bor? Bu oddiy misoldan ham ko‘rinib turibdiki, raqamli iqtisodiyotda birorta narsa yaratilmaydi, ammo hayotda muhim bo‘lgan ish bajarilar ekan.

Endi raqamli iqtisodiyotning tovarlar bilan bog‘liqligiga e’tiborni qaratamiz.

Masalan, tovarni xarid qilish masalasini olaylik. Sizga xaridor sifatida birorta buyum xarid qilmoqchisiz. Uni do‘kon (bozorga, super marketlar) ga borib bevosita tanlab, savdolashib, pulini naqd berib sotib olasiz. So‘ngra bozordan ushbu tovarni uyga o‘zingiz olib kelasiz. Tasavvur qiling, qancha vaqtingiz ketadi. Bunda ham e’tibor qilgan bo‘lsangiz hech narsa yaratilmaydi. Faqat savdo xizmatini ko‘rsatilishi natijasida ishlab chiqarilgan tovarga egalik qilish huquqi o‘zgaradi. Bu mazmun-mohiyati jihatidan hozirgi amaldagi an’anaviy iqtisodiyot.

Ammo hozir hayotimizga elektron tijorat degan tushuncha kirib keldi. Buni telegramdagi biron savdo boti orqali o‘ziga ma’qul tovarni tanlab, sotuvchiga (tovar egasiga) buyurtma beriladi. Ushbu tovarning narxini elektron to‘lov tizimi orqali uyda turib, telegramdagi “Payme” orqali to‘lab berasiz. Ular o‘zlari siz bergan buyurtmangizga mos tovarni uyingizga o‘zlari yetkazib beradi. Ushbu tovarni yetkazib berish xizmati orqali sizdan xizmat haqi undiriladi, xolos. Bu xizmat haqi, sizning vaqtingiz, kuchingiz, asabingizning yo‘qotilganligi oldida arzimagan qiymatga ega. Bu aynan raqamli iqtisodiyotning namoyon bo‘lishidir.

Ko‘rinib turibdiki, bu yerda ham hech qanday tovar ishlab chiqarilmaydi, faqat moddiy ne’matning egasi va joyi o‘zgaradi. Agar shu nuqtai nazardan qaralsa ikki holatda ham bitta jarayon sodir bo‘ldi. Biroq, an’anaviy iqtisodiyotga nisbatan raqamli iqtisodiyotning farqi insonlarga qanchalik darajada qulaylik yaratganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Bu holat insonlarning vaqtini tejash, shu vaqtni o‘zining intellektual salohiyatining oshishiga sarflash imkoniyatini yaratadi. Shu tariqa jamiyatning intellektual salohiyati oshib boradi. Faqat bitta narsani inobatga olish lozimki, shu raqamli iqtisodiyot natijasida tejalgan vaqt va energiyani besamar sarflamasdan, maqsadga muvofiq sarflashga o‘rganishimiz, vaqtni qadrlashni bilishimiz lozim.

Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, raqamli iqtisodiyotning imkoniyatlaridan oldin ham o‘zimiz sezmagan holda foydalanayotgan ekanmiz. Ammo uning nechog‘liq qulayligiga unchalik ahamiyat bermaganmiz. Biroq, o‘tgan yilgi pandemiya sharoitida ushbu tadbirlarning, aniqrog‘i, raqamli iqtisodiyotning nechog‘liq samarali ekanligiga guvoh bo‘ldik. Hatto oziq-ovqat mahsulotlarini ham elektron axborot texnologiyalaridan foydalangan holda buyurtma asosida olib keladigan ko‘nikmani hosil qildik.

Raqamli iqtisodiyotning huquqiy jihatiga e’tiborni qaratamiz. Oldinlari ishlagan tashkilotimizda bir so‘m oladigan bo‘lsak ham imzo chekib olar edik. Endilikda oyliklarimiz plastik kartalarga tushadi. Biror joygi imzo chekish talab qilinmaydi. Ushbu kartalardan elektron to‘lov orqali turli joylarga, tashkilotlarga, xususan, kommunal xizmatlar, telefon, internet va boshqa mahsulot hamda xizmatlar uchun pul o‘tkazamiz. Elektron tarzda soliq deklaratsiyasi topshiramiz, kartadan kartaga pul uzatamiz, ammo birortasiga borib imzo chekish degan harakat amalga oshirilmaydi. Bu ham qanchalik qulayligini tasavvur qilish qiyin emas. Kassalar oldidagi navbat kutishlar, borish-kelishga ketgan vaqtlar hamma-hammasi tejaldi. Bu yerda imzosiz qonun tan oladigan darajada axborotlar saqlanib turibdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, raqamli iqtisodiyotga ta’rif berish mumkin, deb o‘ylaymiz. Biz ushbu tushunchaga quyidagicha ta’rifni shakllantirdik. Raqamli iqtisodiyot deganda, jamiyatda sodir bo‘ladigan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va madaniy aloqalar (jarayonlar) ni ilg‘or texnologiyalar, platformalar va biznes modellarini kundalik hayotga joriy etish orqali turli raqamli axborot texnologiyalarni qo‘llash asosida masofadan turib amalga oshirishga qaratilgan xizmatlar majmui tushuniladi.

Ko‘rinib turibdiki, raqamli iqtisodiyotning asosini axborotlar tashkil qiladi. Ammo “Axborotlar oldin ham bor edi-ku, nima uchun oldin uni an’anaviy iqtisodiyot, endi raqamli iqtisodiyot, deb atamoqdamiz?”, degan savollar ham tug‘ilishi tabiiy. Bunga izoh berish uchun aynan shu axborotlarga oldin va hozir qanday yondoshuvlar va ular qanday vositalar bilan harakatlanganligi e’tiborni qaratsak masalaga oydinlik kiritiladi, deb o‘ylaymiz.

Raqamli iqtisodiyot sharoitida axborotlar va u bilan bog‘liq harakatlarning xususiyatlari quyidagilardan iborat:

Birinchidan, oldin axborotlar asosan qo‘lda an’anaviy tarzda shakllantirilgan va shu tarzda almashilgan. Endi esa yuqori darajada avtomatlashtirilgan holda shakllantirilmoqda va uzatilmoqda.

Ikkinchidan, oldin oddiy an’anaviy qo‘lda shakllantirgan hujjatlar aylangan bo‘lsa, endilikda elektron hujjat almashilmoqda. Bu hujjatning shakllanishida inson ishtiroki juda kam. Kompyuter texnologiyalari tegishli dasturlar asosida axborotlarni o‘zlari shakllantirib boradi.

Uchinchidan, oldin buxgalteriya hisobi va hisobotlar ham an’anaviy tarzda qo‘lda to‘lg‘azilar edi. Endilikda bular ham yuqori texnologik jarayonga asoslangan axborot texnologiyalari yordamida shakllantirilmoqda.

To‘rtinchidan, oldin ma’lumotlarni to‘plash uchun o‘nlab papkalar qilinar va ular yillab saqlanar edi. Endilikda ma’lumotlarning elektron bazalari shakllantirildi. Ushbu axborotlar bazasidagi barcha ma’lumotlar qonuniy maqomga ega. Shu tufayli korxona faoliyatini nazorat qilish ham masofadan kameral tekshiruv asosida amalga oshirilmoqda.

Beshinchidan, korxonalarni, korxonalarda xodimlarni boshqarish ham elektron axborotlarga tayanilmoqda va tegishli topshirishlar ham elektron tarzda amalga oshirilmoqda. Oldin viloyatda birorta majlis bo‘lsa, hammani turli tumanlardan chaqirib kelib, viloyat markazida o‘tkazilar edi. Endilikda hamma tuman rahbarlari va mutasaddi xodimlar o‘zlarining tumanlarida turib tegishli topshiriqlarni olmoqdalar.

Oltinchidan, raqamli iqtisodiyot sharoitida axborotlar to‘ri (blokchayn) tashkil qilinganligi tufayli har qanday qonunbuzarliklarning, korrupsiya va xufyona iqtisodiyotning oldi olindi. Endi sodir bo‘lgan narsani axborot bazasiga kiritsangiz u bir vaqtning o‘zida bir qancha joyda o‘zi aksini topadi. Bu axborot ijrochining qo‘lida ham, nazoratchining qo‘lida ham va boshqa manfaatdor shaxslarning qo‘lida ham bo‘lganligi tufayli uni o‘zgartirishning imkoniyati qat’iy cheklanadi. Bu ham raqamli iqtisodiyotning afzalliklaridan biridir.

Yettinchidan, tovarlar ishlab chiqarish, sotish, turli xizmatlar ko‘rsatish haqidagi ma’lumotlarning natijasini oylik yoki choraklik hisobot tuzilgandan keyin ma’lum bo‘lar edi. Endi esa yuqoridagi jarayonlar haqida har kuni tegishli ma’lumotlarni olib borish mumkin.

Sakkizinchidan, raqamli iqtisodiyot sharoitida dunyoda sodir bo‘layotgan xabarlarni, mavjud tovarlar va xizmatlarning mavjudligi va qaysilariga ehtiyojning borligidan ham tezkor tarzda xabardor bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Bu esa jahon bozoriga chiqish uchun tegishli boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

To‘qqizinchidan, tovarlar, ishlar va xizmatlar pirovardida iste’molchilar uchun ishlab chiqariladi, bajariladi va ko‘rsatiladi. Raqamli iqtisodiyot sharoitida bularning shaffofligi va tez yetib borishi  iste’molchilar fikrini ham tez ilg‘ab olish imkoniyatini beradi va shular asosida tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish hajmi va sifatini o‘nglash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mamayunus Pardayev,

 SamISI professori.

Ozoda Pardayeva,

TDIU Samarqand filiali kafedra mudiri.