Rektor minbari: "Talabalarimizning ijtimoiy himoyasi ham e’tiborimizda"

Aholini ijtimoiy himoya qilish har qanday davrda ham davlat va jamiyat oldida turgan eng muhim, eng dolzarb vazifa hisoblanadi. Chunki odamlarning turmush tarzi, kayfiyati, amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanday bo‘lishi, avvalo, ular qay darajada ijtimoiy himoyalanganligi bilan bevosita bog‘liq.


13 dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi.


Jumladan, Prezident kambag‘al oila farzandlarining o‘qib, hayotini o‘nglashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi, xususan, 118 ming yoshlar chet tili, axborot texnologiyalari va kasb-hunarga o‘qitilishi, bu to‘garaklar xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanishini va 2025 yilda 3,5 ming nafar shunday farzandlar oliy ta’limga grant asosida qabul qilinishi, oliygoh rektorlari ham kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni o‘qitishga bosh-qosh bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekistonda ijtimoiy sohaga jamiyat e’tiborini kuchaytirish, manzilli ijtimoiy himoyani kafolatlash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham 69 nafar nogironligi bo‘lgan, 12 nafar chin yetim, 64 nafar otasi yoki onasi yo‘q talabalar, 9 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari, 18 nafar Yoshlar daftari turadigan talabalarning sifatli ta’lim olishi va yashash sharoitlari doimiy nazoratga olingan.


Shuningdek, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37-son Farmoni ijrosi yuzasidan universitetga biriktirilgan Samarqand shahridagi “Qorasuv”, “Temiryo‘lchilar”, “Qo‘rg‘oncha”, “Oqsaroy”, “Ipak yo‘li”, “Bog‘iston”, “Birlik” hamda “Shodiyona” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 29 nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda. Yoshlar bilan universitet va mahallalarda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilib, ularning orzu-istaklari, rejalari bilan bilan yaqindan tanishildi, ustachilik anjomlari va tikuv mashinalari olib berilib, hayotda o‘z yo‘lini topishlarida amaliy yordamlar ko‘rsatildi.


Aytish joizki, bu sa’y-harakatlar mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash, ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarning yangi bosqichga chiqqanidan dalolatdir.


Shuningdek, yig‘ilishda nogironlikning sabablari, ularga yordam berish masalalari tahlil qilindi. 33 ta tumanda nogironligi borlarni reabilitatsiya qilish qamrovi juda kamligi ko‘rsatib o‘tilib, har bir viloyat va tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi. 7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mutaxassislar malakasi oshiriladi, - dedi Prezident.


Muhtaram Prezidentimizning oldimizga qo‘ygan vazifalardan kelib chiqib, universitetda kambag‘al oila farzandlarining o‘qib, hayotini o‘nglashi, ularning chet tili, axborot texnologiyalari va kasb sirlarini puxta egallashlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, to‘garaklar faoliyatini yanada jonlantirish bo‘yicha choralar ko‘rilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Xudaynazar Yunusov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,
chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.