Renessans kimga nasib etadi?

Davlatimiz rahbari jamoatchilik e’tiborini mamlakatda ilm-fan va ta’limni rivojlantirishga jalb etib, bizda Uchinchi Renessans (Uyg‘onish) davriga tamal toshi qo‘yish imkoniyati borligini ta’kidlagandan so‘ng ko‘pchilik ziyolilar bu ibora, tushuncha haqida gapira boshlashdi. Va buni har kim o‘zicha talqin qilyapti. Kamina ham mazkur mavzuda mulohaza yuritmoqchiman.

Xo‘sh, Prezident Sh.Mirziyoyev nimaga asoslanib ushbu ezgu da’vatga jazm etdi?

Birinchidan, olamdagi barcha sezilarli evrilishlar Osiyodan boshlangan. So‘nggi ikkita Renessans davri asoschilarining aksari aynan hozirgi O‘zbekiston hududida yashagan yoki shu zamindagi muhitda kamolga yetgan.

Ikkinchidan, shu tufayli ham xalqimiz qonida bunyodkorlik, ma’rifatparvarlik genlari bor. Gap ana shu ezgu tuyg‘ularni uyg‘otishda.

Uchinchidan, odamlar mamlakatda boshlangan shiddatli islohotlarni ma’qulladi, unga faol qo‘shildi. Karantin cheklovlariga qaramasdan «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturi juda ko‘p yo‘nalishlarda amalga oshirildi. Demak, bunday xalq bilan yanada katta marralarni egallash mumkin.

To‘rtinchidan, hoyu havas, istak emas, balki aniq maqsad bilan ko‘zlangan reja elning g‘ururini, ishtiyoqini oshiradi. Inson uchun eng zavqli hayot bu o‘z taqdirini yaxshilash uchun kurashishdir.

Ammo «holva» degan bilan og‘iz chuchimaydi. Uyg‘onish jarayoni yillar davomida shakllanadi va uning uchun tarixiy shart-sharoit yetilmog‘i ham lozim. Shu sababli uyg‘onish davrlari oralig‘i 5-6 asrni o‘z ichiga olgan. O‘sha zamonda yaratilgan mo‘’jizalar, ixtirolar bugungi kunda ham barcha fanlarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Renessansning kuch-qudrati shundaki, u muayyan bir mintaqada yuzaga kelsa-da, butun dunyoga ta’sir ko‘rsatadi, butun dunyoni uyg‘otadi.

Misol uchun, X asrda yashab o‘tgan arab tarixshunosi ta’kidlaganidek, «Bog‘dodda biror olim yoki shoir yo‘qki, uning Xorazmda, Buxoro yoki Samarqandda shogirdi bo‘lmasin!» Nemis olimi G.Zuter shunday yozgan: «Bag‘dod akademiyasidagi 515 nafar olimning barchasi arab millatiga mansub deb kelinardi. Vaholanki, tug‘ilib o‘sgan joylariga qaraganda ularning aksariyati Markaziy Osiyo – Movarounnahrdan bo‘lib chiqdi». Arablarga ularning mukammal alifbosini yaratib bergan, Nil daryosida suv hajmini o‘lchovchi asbob ixtiro qilganlar ham hozirgi O‘zbekiston hududida yashagan allomalardir.

Misrdagi Al Ashar universiteti rektori anjumanlarning birida «Universitetimizda hozirga qadar o‘n minglab talabalarga dip­lom berib, uchirma qildik, lekin ularning orasidan haligacha Imom al-Buxoriydek alloma chiqmadi» degan ekan.

Renessans bayroq qilinadigan mavzu emas, intiladigan manzildir. Oddiy kishilar-ku, mayli, ammo duppa-durust ziyolilar ham go‘yo katta uyg‘onish davrini ko‘rayotgandek gapirishi kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Uzoq va keng ko‘lamda shakllanadigan bu jarayonda allomaga aylanadigan, ixtirolar qiladigan shaxslargina emas, ilm-fan, bunyodkorlik uchun shart-sharoit yaratganlar ham birdek aziz hisoblanadi. Zamonaviy iborada aytganda, Renessans uchun butun jamiyatni tayyorlab bormoq lozim.

Binobarin, tan olmoq kerakki, yangi O‘zbekiston strategiyasi aynan ana shu maqsadga qaratilgan. Bu borada qilinayotgan ulug‘vor ishlar nafaqat xalqimiz, jahon jamoatchiligi tomonidan ham e’tirof etilayotir.

Ammo hali ilm-fan sohasini to‘la isloh qilishda juda ko‘p ish qilishimiz zarur. Eng avvalo, ilmiy tadqiqotlarda, ustoz-shogirdlikda, ilmiy xulosalarni hayotga joriy etishda yaxlit tizim yaratish va unda oshkoralikni, natijadorlikni birinchi o‘ringa qo‘yish vazifasi turibdi. Ilmiy faoliyatdagi korrupsion holatlarga, xususan, poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, qarindoshchilikka chek qo‘yishda hurmatli olimlarimizning o‘zlari ham jonkuyar, adolatli bo‘lmog‘i kerak.

Yaxshi olimlarni rag‘batlantirish barobarida tadqiqot xulosasi ahamiyatli bo‘lmagan, bugungi o‘zgarishlarga munosabat bildira olmayotgan ziyolilarga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lish payti keldi, deb hisoblayman.

Xullas, biz taraqqiyotning shiddatli, ko‘pqirrali, dunyo bilan bo‘ylashadigan yo‘lini tanladik. Bu harakatimizni dunyoga ma’lum qildik. Shunday ekan, endi har bir rejamiz, harakatimiz ana shu oliy maqsadga munosib bo‘lishi shart.

Jumaqul Karimov,

falsafa fanlari nomzodi.