Respublikaning chekka tumanlaridan ilk bor Qo‘shrabotda yurak operatsiyasi amalga oshirilmoqda

Ayni paytda Qo‘shrabotda viloyat kardiologiya markazi bosh shifokori Maqsud Saidov boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tumanda uch nafar bemorda operatsiyani amalga oshirmoqda.

- Mamlakatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotidan so‘ng belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha Urgut, Past Darg‘om hamda Qo‘shrabot tumanida aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, - deydi viloyat kardiologiya markazi bosh shifokori o‘rinbosari Akmal Rahmatullayev. - Qo‘shrabotda 1200 nafar bemor birlamchi skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. 300 nafarida yurak qon-tomir kasalliklari, 57 nafari operatsiyaga muhtoj ekani, ularning 5 nafari kechiktirib bo‘lmaydigan operatsiyaga muhtoj ekani aniqlanib, shu yerning o‘zida operatsiya jarayoni amalga oshirilishiga kelishildi. Bundan maqsad malakali tibbiyotni, murakkab operatsiya jarayonlarini tumanlarda ham o‘tkazish amaliyotini joriy etishdan iborat.

- Samarqandlik shifokorlar tibbiy ko‘rik o‘tkazganda, qizimning yuragida nuqson aniqlandi, - deydi "Quvkalla" mahallasida yashovchi Munisa Ahmedova. - Katta qizimda ham o‘tgan yili yuragida nuqson aniqlangandi, afsuski, uni viloyat markaziga olib borishga mablag‘imiz yo‘q edi. Bugun viloyatdan shifokorlar kelib, hammasini o‘zlari qilishayapti. Duo qilib o‘tiribman, qizlarimning operatsiyasi yaxshi o‘tsin, ilohim.

Darvoqe, endilikda nafaqat bugungi besh nafar bemor, balki ko‘rikda aniqlangan, yurak operatsiyasiga muhtoj barcha bemorlarda Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasida jarrohlik amalga oshiriladi. Viloyat kardiologiya markazi shifokorlari har shanba kuni shu hududda operatsiya o‘tkazadi. Shuningdek, qo‘shrabotlik shifokorlarning viloyat markazida malaka oshirishi yo‘lga qo‘yilib, kelgusida ushbu operatsiyalarni mahalliy jarrohlar amalga oshirishi rejalashtirilgan.

Gulruh Mo‘minova.