Reyd – avtomobilsiz kun deganimi?

– Tinchlikmi, yana nima bo‘ldi, ishga kechikyapmiz, axir…
– Uzr, bugun reyd bo‘layapti ekan, bitta «putyovkaga» qo‘l qo‘ydirib chiqmasam bo‘lmaydi.
Aksiga olib, shu kuni «putyovka» ham navbat ekan yana kutishga to‘g‘ri keldi – 08:55. Navbat yetib kelgach, bir daqiqada haydovchimiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tib(!), mashinasini texnik ko‘rikdan o‘tkazib (!) chiqdi. Ammo «Kaftarxona» mahallasidan o‘tgach, to‘g‘ri yo‘l qolib aylanma yo‘lga burildi.
– Obbo, hujjatni olgan bo‘lsangiz, endi nega to‘g‘ri yo‘ldan bormayapsiz?
– Aka, aslida «Tayloq – Universitet xiyoboni» degan yo‘nalish yo‘q. Yo‘llanmam, kaftarxonagacha, buyog‘iga «GAI»dan ehtiyot bo‘lmasam bo‘lmaydi…
Shu kuni amin bo‘lganim shuki, tumandagi «Damas»larning yarmidan ko‘pi noqonuniy yo‘lovchi tashiydi. To‘satdan reyd boshlansa bizga o‘xshaganlar deyarli ko‘chada qoladi. Mahallalarda ko‘chada odamlar to‘lib ketadi mashina kutib. Achinarli tomoni shundaki, mahalladan tumanga qatnaydigan «damas»lar necha yildan beri «ovlanadi». Ammo biror marta ana shu yo‘nalishlarda ham qonuniy yo‘nalishlar ochish, bu yo‘nalishlarda yo‘lovchilar faqat ertalab va kechqurun qatnashini hisobga olib litsenziyalarni sal hayotga yaqinroq qilib belgilash hech kimning xayoliga kelmayapti. Yo‘lovchi tashish uchun litsenziya narxi bir necha million so‘m, bundan tashqari kunlik to‘lovlar ham 350 ming so‘mgacha bo‘lgach, nisbatan yo‘lovchi kam hududlarda hech kim litsenziya talablarini bajara olmaydi. Shunday bo‘lgani uchun hozir viloyatdagi butun boshli tumanlarda 20-30 ta qonuniy taksi bor, xolos. Har safar reyd o‘tkazilib, ular jarimaga tortilishi qonuniy, ammo, buning o‘rniga legallashtirish, litsenziya muammolarini o‘rganish yaxshiroq bo‘lardi.
Anvar MUSTAFOQULOV.