Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi Ukrainaning bosib olingan hududlarini anneksiya qilishni ma’qulladi
Rossiya Dumasi Ukrainaning bosib olingan to‘rtta viloyati – o‘zini o‘zi e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarining anneksiya qilinishini rasmiylashtirgan hujjatlarni bir ovozdan ratifikatsiya qildi.
Kremlda hujjatlar Rossiya Federatsiyasiga yangi sub’yektlarni qabul qilish to‘g‘risidagi bitimlar deb ataladi. Bugun qonun loyihalari Federatsiya Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi, keyin Prezident Vladimir Putin tomonidan tasdiqlanishi kerak.
"Bugun biz uchun hayot-mamot kun. Biz bilamizki, to‘rtta hudud - LXR, DXR, Zaporoje va Xerson viloyatlari hududida yashovchi aholini qutqarishning yagona yo‘li - qayta birlashish, Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish, ", dedi Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin.
“Referendum”lar Rossiya bosib olingan hududlarda harbiy tajovuzi davom etayotgan sharoitda o‘tkazildi. E’lon qilingan natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmadi.
Shu orada AFR jurnalistlari Donetsk viloyatining Liman shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Zakotnoye qishlog‘iga borishga muvaffaq bo‘ldi. Ukraina nazoratiga qaytgan bu aholi punktida deyarli barcha uylar vayron bo‘lgan.