“Rossiya – O‘zbekiston” hamkorligi III Forumi: Natijalar, loyihalar, kelishuvlar
Xabar qilganimizdek, shu yilning 4-5 oktyabr kunlari Tatariston markazi Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlik III Forumida Samarqand viloyati hokimi rahbarligidagi delegatsiya faol ishtirok etdi.
Delegatsiya a’zolari dastlab “O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlari Kengashi” yig‘ilishida qatnashdi. Unda viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi N.Ibragimov ishtirokchilarga viloyat tadbirkorlarining Rossiya biznesi bilan investitsiyaviy va savdo sohasidagi hamkorligi holati hamda viloyatda tadbirkorlik muhiti va investorlarga yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, tadbirkorlarni o‘z bizneslarini kengaytirishga va Samarqandda biznes qilishga taklif qildi.
Forumda Rossiya Federatsiyasi tadbirkorlari hamkorlikda ishlab chiqarishga taklif etilayotgan mahsulotlar, ilmiy va IT ishlanmalar ko‘rgazmasini tashkil etib, Samarqand delegatsiya a’zolarini har bir eksponat bilan tanishtirdi va hamkorlik muzokaralarini o‘tkazdi.
Forum doirasidagi uchrashuvlar va muzokaralarda umumiy qiymati 160,0 mln. dollarlik logistika zamonaviy markazini tashkil etish, gilam va gilam mahsulotlari, qurilish fanerasi, o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish, mehmonxona, savdo-maishiy majmuasi barpo etish, turarjoylar qurish hamda tibbiyot va veterinariya diagnostik tizimlari va test komplekslarini ishlab chiqarish investitsion loyihalarini birgalikda amalga oshirishga kelishildi.
Shu bilan birga, delegatsiya tarkibidagi tadbirkorlik sub’yektlari vakillari tomonidan umumiy qiymati 50,8 mln. dollarlik tekstil, elektrotexnika, mebel sanoati mahsulotlari, quritilgan meva
va sabzavotlar eksporti bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Forumdagi muhim kelishuvlardan biri - Samarqanddagi neftni qayta ishlash va neft mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “MOSXAR” MChJni neft bilan ta’minlash maqsadida Rossiyaning “TATNEFT” aksiyadorlik jamiyati yiliga 240 ming tonna neft va qo‘shimcha ingridiyentlar bilan ta’minlab berish loyihasi bo‘ldi.
“TATNEFT” Samarqandga mutaxassislardan iborat guruhni yuborishga, joyida korxonani ishlab chiqarish texnologiyasi auditini o‘tkazib, sifatli mahsulot ishlab chiqarish uchun tavsiyalar tayyorlash hamda ta’minlanib beriladigan xom ashyo tarkibini belgilash taklifini bildirdi.
Delegatsiya Forum tadbirlari bilan chegaralanib qolmasdan, Tatariston markazi Qozon shahrida bir qator innovatsion loyihalar bilan tanishdi. Jumladan, Qozondagi IT PARK va uning rezidentlari faoliyatiga yoshlarni faol jalb etish, yangi xizmat turlari amaliyoti bilan tanishib, dasturchilar tayyorlash, turli dasturlar va mobil ilovalar xizmatlari, rezidentlarga yaratilgan qulayliklar hamda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan tushayotgan buyurtmalar va ularning sifatli bajarilishini ko‘zdan kechirdi.
Tataristondagi “ALABUGA” erkin iqtisodiy zonasida tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etish uchun davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar natijasida hududda 34 ta yirik, innovatsion loyihalarni amalga oshirishga erishilgan. Kommunikatsiyalarning har bir korxonagacha olib kelinganligi, yo‘llarning ravonligi, temiryo‘l tarmog‘ining mavjudligi, mahalliy soliqlar va bojxona bojlaridan imtiyozlar korxonalarni jalb etishga yordam bergan.
Zona hududidagi “Alabuga Politex” ishlab chiqarish o‘quv majmuasida 2 ming nafardan ortiq yoshlar ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘liq 18 turdagi mutaxassislik bo‘yicha o‘qitilmoqda. Aksariyat dars mashg‘ulotlari shu zonada ishlab turgan malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi. Muhimi, talabalar o‘qish bilan birga ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etmoqda.
Qozon shahridagi yangi qurilgan zamonaviy turarjoy massivlaridan biri “ART CITY” hududi, xonadonlari va boshqaruv kompaniyasida bo‘lgan delegatsiya a’zolari ko‘p qavatli uylar o‘rtalaridagi kichik parklar, bolalar o‘yingohlari, ko‘kalamlashtirilgan maydonchalar, yashil daraxtlar, yo‘lovchilar yo‘laklari, maishiy chiqindilarni to‘plash va ularni chiqarish tizimi bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda boshqaruv kompaniyasining ish uslubi, fuqaro va kompaniya o‘rtasidagi majburiyatlar taqsimoti, axborot almashuvlarning raqamlashtirilganligi tadbirkorlar e’tiborini tortdi. Bitta boshqaruv kompaniyasi 30 ming aholisi bo‘lgan massivni samarali boshqarmoqda..
Shaharni ikkiga bo‘lib turgan Qozon daryosi bo‘ylab fuqarolarning dam olishi, piyoda va velosipedda yurishlari, turli sport o‘yinlari bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar, ko‘kalamlashtirish va manzarali daraxtlarni joylashtirish diqqatga sazovor. Shu kabi qulayliklarni viloyatimizning turli hududlarida tashkil etish aholimizning yashash qulayliklarini yanada ko‘paytiradi.
Forumda erishilgan kelishuvlar, loyihalar bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda, har bir loyihaning tarmoq jadvali tuzilib, amalga oshirishga kirishildi, eksport shartnomalari bo‘yicha mahsulotlar tayyorlash boshlandi.
Ushbu investitsiyaviy va savdo loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, hamkorlar o‘rtasida o‘zaro ishonch ruhini shakllantirib, saqlab qolish yangi, bulardan ham yirik investitsiyalarni viloyatimiz hududiga jalb etishga asos bo‘ladi.
Nozir Ibragimov,
Samarqand viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi.