Rossiya qo‘shib olingan hududlarda harbiy holat joriy qilmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 20 oktyabrdan boshlab Ukrainaning anneksiya qilingan to‘rtta viloyatida harbiy holat joriy etilishi haqidagi farmonni imzoladi. Gap Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, Zaporoje va Xerson viloyatlari haqida bormoqda.

 "Men Rossiya Federatsiyasining ushbu to‘rtta sub’yektida harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladim. U darhol Federatsiya Kengashiga tasdiqlash uchun yuboriladi va qaror haqida Davlat Dumasi xabardor qilinadi", dedi Putin kecha, 19 oktyabr kuni Xavfsizlik Kengashining videokonferensiya orqali o‘tkazilgan yig‘ilishida.

 Bundan tashqari, Putin Rossiya viloyatlari rahbarlariga xavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha vakolatlar berilishini ma’lum qildi.

«Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasi, Belgorod, Bryansk, Voronej, Kursk va Rostov viloyatlari kabi chegaradosh hududlarida, shuningdek, Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda "o‘rtacha javob darajasi", Markaziy federal okrug va janubiy federal okrugning boshqa hududlarida "yuqori tayyorgarlik darajasi" joriy etiladi», deyiladi Rossiya prezidentining farmonida.

Qayd etilishicha, hududlar hukumati xavfsizlikni yaxshilash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha shtablar tuzishi mumkin.