Rossiyada Georgiy lentasi bilan bog‘liq katta mojaro yuz berdi
Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida Georgiy lentasi bilan bog‘liq katta mojaro yuz berdi va buning ortidan butun mamlakat Georgiy lentasini muhokama qilayapti.
Voqea qo‘yidagicha bo‘lgan: Nijniy Novgorod fuqarosi shahardagi magazinlardan birida fashistlar ramzi tushirilgan Georgiy lentasini ko‘rib qoladi va uni rasmga tushirib Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga qo‘yib yuboradi.
Shundan so‘ng magazinni qisqa vaqt ichida odam bosib ketadi. Kimlardir o‘sha lentadan "esdalik uchun" sotib olsa, yana kimdir magazin sotuvchilari va egasidan savdodan o‘sha lentalarni olib qo‘yishni talab qiladi. Fashistlar ramzi tushirilgan lentalarni savdodan olib qo‘yishni talab qilganlar orasida mahalliy jurnalistlar ham bo‘lgan. Magazin egasi lentalarni savdodan olmasligini, kimdir o‘zini "vatanparvar", deb bilsa o‘sha lentalarni sotib olib, keyin bilganini qilishi mumkinligini aytadi. Orada jurnalistlardan biri va magazin egasi bilan yengil mushtlashuv bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng hodisaga huquqni himoya qilish organlari aralashadilar.
Nijniy Novgoroddagi magazinda fashistlar ramzi tushirilgan Georgiy lentasi sotilayotgani haqidagi xabar butun mamlakatga tarqaldi. Oradan biroz o‘tib, magazinni huquqni himoya qilish organlari bosishdi va savdoda turgan lentalarni olib qo‘yishdi. Shundan so‘ng o‘sha lentalar qayerdan va qanday yo‘l bilan Nijniy Novgoroddagi magazinga kelib qolgani haqida surishtiruvlar boshlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, magazin egasi lentani Xitoydagi bir korxonaga buyurtma bergan. Buyurtma orasidan esa bir qismiga fashistlar ramzi tushirilgan lentalar chiqqan. Magazin xizmatchilari e’tiborsizlik bilan uni ham rastaga chiqarishgan. Magazin egasi lentaga fashistlar ramzi urilganini bilganidan keyin ham uni olib tashlamagan. Sababi, bu paytda aynan shu lentadan sotib olishni xohlab magazinga ko‘plab xaridorlar kela boshlagan.
Bu voqea ommaviy axborot vositalarida yoritilar ekan, rossiyaliklar ijtimoiy tarmoqlarda ikkiga ajralib o‘zaro Georgiy lentasini muhokama qilishni boshlab yuborishgan. Ularning ayrimlari Georgiy lentasining Ikkinchi jahon urushiga aloqasi yo‘qligini, u asosan Chor Rossiyasi ramzi ekanini, shuningdek "sotqin" general Vlasov aynan ana shu lentadan foydalanganini yozsa, ikkinchi taraf ularni inkor qilib "Georgiy lentasi rossiyaliklar uchun mudom G‘alaba ramzi bo‘lib kelganini", ta’kidlashmoqda. Shuningdek, Rossiyada fashistlar ramzi tushirilgan Georgiy lentasi sotilganini Rossiya urush veteranlari jamiyati sharmandalik, deb baholadi.