Rossiyada haydovchilar uchun eng xavfli hududlar ro‘yxati e’lon qilindi
Rossiya IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Rossiyada haydovchilar uchun eng xavfli hududlar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Ro‘yxatning birinchi qatorini Krasnodar o‘lkasi band qildi. 2018 yilda bu o‘lka yo‘llarida yo‘l transport hodisasi tufayli 1053 nafar odam halok bo‘lgan.
Ikkinchi o‘rinda Moskva viloyati, bu hududda yo‘l transport hodisasi tufayli 938 nafar odam halok bo‘lgan.
Uchinchi o‘rinda Rostov viloyati, bu hududda 554 nafar odam halok bo‘lgan.
Yo‘l transport hodisasi tufayli eng ko‘p jabrlanganlar Moskva shahrida, bu yerda 2018 yilda 10469 nafar odam jabrlangan.
Ikkinchi o‘rinda Krasnodar viloyati, bu o‘lkada 8675 nafar odam YTH sababli jabrlangan.
Eng past ko‘rsatkich Chukotka va Nenets avtonom okruglarida, 2018 yilda bu hududlarda 2-3 nafar odam YTH tufayli halok bo‘lgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, 2018 yilda Rossiyada 168.099 ta YTH yuz bergan. Ularda halok bo‘lganlar soni 18.214 nafar, jabrlangan soni esa 214.853 nafarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, YTH soni bo‘yicha Rossiya dunyoda yuqori o‘rinlarda turadi.