Rossiyada koronavirusning yangi to‘lqini avj olyapti
Bugun dunyoning qator mamlakatlarida pandemiyaning yangi to‘lqini avj olishi oqibatida koronavirus bilan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari ortib bormoqda.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasida kecha, 26 oktyabr holatiga ko‘ra, bir kecha-kunduzda 36 ming 446 kishida COVID-19 virusi aniqlangan va ulardan 1 ming 106 nafari hayotdan ko‘z yumgan.
Tabiiyki, ushbu holat barchani jiddiy xavotirga solmoqda. O‘z navbatida, vaziyatning bu qadar ayanchli tus olishiga sabab bo‘lgan omillar tahlil qilinyapti.
Rossiyadagi yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlaridan birining laboratoriya rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Kostinovning ma’lum qilishicha, hammasi mamlakatda koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet shakllanmagani bilan bog‘liq. Chunki bu yerda aholini emlash darajasi past.
Kostinovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada COVID-19 ga qarshi uchta vaksina qo‘llanilyapti. Biroq aholi orasida emlanishni xohlamayotganlar yoki paysalga solayotganlar ko‘p. Oqibatda ular vaqt o‘tib, ushbu kasallikka chalinyapti. Shu tufayli virusning yangi mutatsiyalari paydo bo‘lishi uchun imkoniyat ham yuzaga kelmoqda.