Rossiyada o‘zbekistonlik narkodiler ushlandi

«Moskovskiy komsomolets» xabar berishicha, Rossiyaning Kostroma oblastida narkotik moddalarni yetkazib berish bilan shug‘ullangan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi.

Qo‘lga olish chog‘ida erkakning avtomobilidan umumiy og‘irligi 350 gramm bo‘lgan geroin, shuningdek, og‘irligi 85 gramm bo‘lgan metadon topilgan. Ayni paytda o‘zbekistonlik erkakka nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlanishicha, erkakka nisbatan «Giyohvand moddalarni yirik miqdorda noqonuniy sotishga urinish» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etish o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga olib keladi.