Rossiyada so‘nggi kecha-kunduzda 1154 nafar yangi kasallanganlar, 11 nafar o‘lim holati qayd etildi
Bu haqda 7 aprel kuni Rossiya Federatsiyasining infeksiya tarqalib ketishining oldini olish bo‘yicha tezkor shtabi xabar qildi.
“43 hududdan 1154 nafar yangi kasallanish holati va 11 nafar o‘lim holati qayd etildi”, deyilgan xabarda. Shuningdek, bir kecha-kunduzda 88 nafar bemor sog‘aygani ta’kidlangan.
Eng ko‘p kasallanish holati Moskvada - 697 nafarni tashkil etdi. Undan so‘ng Sankt-Peterburgda – 69 nafar, Moskva viloyatida – 67 nafar, Bryanskda – 32 nafar va Kaliningrad viloyatida – 29 nafar yangi kasallanganlar qayd etilgan. Mamlakatning qolgan hududlaridagi kasallanganlar soni 19 nafardan kam.
Ilk kasallanish holati Karachayevo-Cherkesiya Respublikasida qayd etilgan.
Nenets avtonom okrugi, Tuva, Altay Respublikasi va Chukotkada ayni vaqtgacha kasallanish holati aniqlanmagan.
Mamlakatda kasallanganlarning umumiy soni 7497 nafarga yetdi, ulardan 58 nafari vafot etgan va 494 nafar bemor sog‘aygan.