Rossiyadagi chet ellik talabalar o‘qishdan chetlashtira boshlandi
Chet ellik talabalar Rossiya oliy ta’lim muassasalaridan chetlashtira boshlandi. Bu pandemiya davrida chegaralar yopilishi sababli ularning mamlakatga qaytib kelish imkoniyati yo‘qligi va darslarga qatnasha olmasligi tufaylidir. Bu haqda Mash telegram kanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, allaqachon ikki mingga yaqin talaba Rossiya hukumatiga murojaat qilgan. Ular Rossiyaga qaytishga ruxsat berishni va Rossiya hududida o‘qishni davom ettirishga imkoniyat yaratilishini so‘rashgan. Lekin afsuski, ayni paytda talabalar mamlakatga mustaqil ravishda, erkin kelolmaydi. Chunki o‘qish chegarani kesib o‘tish uchun asos bo‘la olmaydi.
Mash‘ning ma’lum qilishicha, murojaat etuvchilar orasida «Rossotrudnichestvo» kvotasi bo‘yicha o‘qiyotganlar, bo‘lajak shifokorlar, teatrshunos talabalar bor. Ayniqsa, keyingilar ijodiy kasblarga o‘qishni masofadan turib amalga oshirib bo‘lmasligidan shikoyat qilishmoqda. Shunday qilib, ular ta’lim muassasasidan uzoqda bo‘la turib, aktyorlik, sahna nutqi va shunga o‘xshash masofadan o‘rganib bo‘lmaydigan ijodiy darslarni qoldirayotganidan jig‘ibiyron.
Huquqshunos va advokat Ivan Melnikovning aytishicha, u talabalarga yordam berish iltimosi bilan vitse-premer Tatyana Golikovaga murojaat qilgan. Ammo hukumat hanuz vaziyatga hech qanday izoh bergan emas.
G.XOLDOROVA tayyorladi.