Rossiyadagi mudhish YTHda 4 nafar hamyurtimiz halok bo‘ldi
Mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 22 noyabr kuni “Orenburg-Oqbuloq” trassasida Orenburg viloyati hududida ichida 8 nafar yo‘lovchi, jumladan, 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan mikroavtobus ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida hamyurtlarimizdan 4 nafari vafot etdi, 1 nafari esa Orenburg viloyat klinik shifoxonasiga joylashtirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, Bosh konsulxona mazkur vaziyatni nazoratga olgan hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi va Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Kirov viloyati, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov viloyati, Chuvashiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Qozon shahridagi mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qiladi: +7-843-526-55-64, +7-843-526-55-65.