Rossiyadan O‘zbekistonga tashkil etilayotgan maxsus poyezdlarga elektron chiptalar sotilmoqda

COVID-19 koronavirus pandemiyasi davrida Rossiyada qolib ketgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga olib kelish maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan maxsus poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Jumladan, joriy yil oktyabr oyining 15, 18, 22, 25, 28 sanalari hamda 1, 2 noyabr kunlari «Voljskiy – Toshkent» yo‘nalishida poyezdlar qatnovi amalga oshiriladi. Ushbu poyezdlar Rossiyaning Voljskiy shahridan jo‘naydi. Qayd etilishicha, mazkur poyezdlarga faqat bir tomonga, ya’ni «Voljskiy – Toshkent» yo‘nalishiga chiptalar sotilmoqda.

Hamyurtlarimizga chipta xarid qilishda qulaylik yaratish maqsadida elektron chiptalarni sotish yo‘lga qo‘yilgan. Voljskiydagi fuqarolarimizning yaqinlari O‘zbekistonda turib «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning veb-sayti orqali, https://e-ticket.railway.uz dan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib, internet orqali Voljskiydagi hamyurtlarimizga jo‘natishlari ham mumkin.

Eslatma berilishicha, bugungi kunda pandemiya sababli qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi hamda Rossiya davlatlari chegara hududlari ochilgani yo‘q. Shu boisdan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan Rossiya davlatida qolib ketgan fuqarolarni yurtimizga olib kelish uchun maxsus poyezdlar tashkil qilinmoqda. Bu poyezdlarga faqat Rossiyadan O‘zbekistonga kelish uchun chiptalar sotiladi.

Qo‘shimcha ma’lumotni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma’lumotlar byurosidan bilib olish mumkin.