Rossiyalik ekspertlar guruhi O‘zbekistonga keladi
18-22 fevral kunlari Moskva shahrida Jahon banki va Rossiya trening markazi bilan hamkorlikda “Ta’lim sifatini baholash tizimida xalqaro solishtirma tadqiqotlar – maktab ta’limini takomillashtirish mexanizmi sifatida” mavzusida o‘tkazilgan seminar-treningda o‘zbekistonlik 20 nafar mutaxassis ishtirok etdi.
Seminar davomida ta’lim sifatini baholash hamda xalqaro tadqiqotlar sohasidagi yetuk mutaxassislar hamda xalqaro ekspertlar tomonidan ma’ruza va davra suhbatlari tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari, Respublika ta’lim markazi hamda Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi mutaxassislaridan iborat guruh a’zolari ta’lim sifatini baholash yuzasidan PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS va boshqa xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Rossiya tajribasini o‘rganish maqsadida seminarda qatnashdi. Ta’kidlash lozimki, ta’lim sifatini baholash bo‘yicha PISA hamda PIRLS xalqaro tadqiqotlarida O‘zbekiston ta’lim tizimi ilk bor ishtirok etdi.
Tadbirda qatnashganlar PISA, PIRLS tadqiqotlarining instrumentlari bilan tanishdi va ularni amalda qo‘llab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ishtirokchilarga PISA hamda PIRLS tadqiqotlarining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berildi.
– PISAdan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarni har tomonlama hayotga tayyorlashdir, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ta’lim muassalari faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov. – 2021 yildan boshlab 9-sinf o‘quvchilari PISA, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari PIRLS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi. Endi maktablar o‘rtasida reyting o‘tkazib, xalqaro reytingga munosib tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. Bunday nufuzli tanlovlarda ishtirok etsak, albatta, ta’lim tizimida keskin o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonaman.
Seminar ishtirokchilariga Rossiya milliy ta’lim tizimini rivojlantirish, Rossiya ta’limining xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan loyihalari, jumladan “Zamonaviy maktab” loyihasi haqida ham tushunchalar berildi. Mazkur loyiha umumiy o‘rta ta’lim tizimida turli ta’lim texnologiyalari, o‘qitish va ta’lim-tarbiyaning yangi metodlarini joriy qilish, o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi va motivatsiyasini oshirishga qaratilgan. Ushbu loyihada Rossiya Federatsiyasining barcha hududlari ishtirok etayotgan bo‘lib, yangi loyiha asosida maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qishloq hududlarida ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga ta’lim standartlarini yangilash ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning aprel oyida Jahon bankining READ dasturi bilan hamkorlikda xalqaro tadqiqotlar doirasidagi yo‘nalishlar bo‘yicha Rossiyalik ekspertlar guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurishi, unda bevosita umumiy o‘rta ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning malakasini oshirish, o‘quv hamda nazorat sinov materiallari ishlab chiquvchi ijodiy guruhlar uchun o‘quv kurslari tashkil etilishi, metodik yordam ko‘rsatish, maslahatlar berish orqali ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadli rejalar ko‘zda tutilgan.
Seminar-treningdan so‘ng ishtirokchilarga sertifik topshirildi.