Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi suv toshqinlar haqida yakuniy ma’lumotlar e’lon qilindi

29-30 iyun kunlari Rossiyaning Irkutsk viloyatida yoqqan kuchli yog‘ingarchilik natijasida daryolar suvi toshib, viloyatning katta hududini suv bosgan. Jumladan, Nijneudinsk, Tayshet, Tulun, Chunsk, Ziminsk va Kuytun tumanlarini to‘llig‘icha suv bosgan.

Suv toshqinlari tufayli umumiy hisobda 6669 ta uy, 6847 ta dala hovli suv ostida qolgan. Ularda umumiy 32777 kishi yashaydi, jumladan ularning 4050 nafari bolalar.

Toshqin natijasida umumiy 43 ta muhim bino, maktablar, bog‘chalar, vrachlik punktlari suv ostida qolgan.

Zudlik bilan ko‘rilgan choralar natijasida 2273 nafar kishi (ulardan 512 nafari bolalar) qutqarilgan. Vaqtinchalik joylarga 636 kishi (ulardan 182 nafari bolalar) joylashtirilgan.

Umumiy hisobda 13 ta ko‘prikni suv bosgan va bugun viloyat bo‘ylab ko‘plab yo‘llar tashqi dunyodan uzilgan.

Gidrometeorologiya xizmatining Irkutsk viloyati boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda yana kuchli yomg‘irlar yog‘ishi kutilayapti.