"Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahar kamroqdur"

*14 fevral – Buyuk shoir, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun

Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahar kamroqdur. Beshinchi iqlimdandur. Tuli ramzi nujumiy 56 daraja va daqiqadur. Arzi 40 daraja va daqiqadur. Shahri Samarqanddur, viloyatini Movarounnahr derlar. Hech yog‘iy qahr va g‘alaba bila munga dast topmag‘on uchun baldan mahfuza derlar. Samarqand hazrati amirulmo‘minin Usmon zamonida musulmon bo‘lg‘ondur. Sahobadin Qusam ibn Abbos anda borg‘ondur. Qadri ohanin darvozasining toshidadur. Holo mozori shohg‘a mashhurdur. Samarqandni Iskandar bino qilg‘ondur. Mo‘g‘il va Turk ulusi Samarqand derlar.

Temurbek poytaxt qilib edi. Temurbekdin burun Temurbekdek ulug‘ podshoh Samarqandni poytaxt qilg‘on emastur. Qo‘rg‘onini faslning ustidin buyurdumkim qadam urdilar. O‘n ming olti yuz qadam chiqti.

Eli tamom sunniy va pok mazhab va mutarriʼ va mutadayyin eldur. Hazrati risolat zamonidin beri ul miqdor aimmai islomkim, Movarounnahrdin paydo bo‘lubtur, hech viloyattin ma’lum emaskim, muncha paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay. Shayx Abumansurkim aimmai kalomdur. Samarqandning Motrid otliq mahallasidindur. Aimmai kalom ikki firqadur, birni motridiya derlar, birni ash’ariya derlar. Motridiya Shayx Abumansurg‘a mansubdur. Yana sohibi «Sahihi Buxoriy» Xoja Ismoil Xartang ham Movarounnahrdindur. Yana sohibi «Hidoya»kim, Imom Abu Hanifa mazhabida «Hidoya»din mo‘’tabarroq kitobi fiqh ham bo‘lg‘oy, Farg‘onaning Marg‘inon otliq viloyatidindur, ul ham doxili Movarounnahrdur.

...Ma’muraning kanorasida voqe bulubtur. Sharqi Farg‘ona va Qoshg‘ar, g‘arbi Buxoro va Xorazm, shimoli Toshkand va Shohruxiyakim Shosh va Banokat bitirlar, Samarqanddin ikki kuruh bo‘lg‘ay. Bu suv ila Samarqand orasida bir pushti tushibtur, Ko‘hak derlar... Bu suvdin bir ulug‘ rud ayiribturlar Darg‘am suyi derlar... Samarqandning bog‘ot va mahalloti va yana necha tumanoti bu suv bila ma’murdur.

Buxoro va Qorako‘lg‘achakim, o‘ttiz-qirq yig‘och yo‘lg‘a yovuqlashur. Ko‘hak suyi bila ma’mur va mazru’dur.

Mundoq ulug‘ daryo aslo ziroattin va imorattin ortmas, balki yoz faslida uch-to‘rt oy Buxorog‘a suv yetmas. Uzumi va qovuni va olmasi va anori, balki jamiʼ mevasi xo‘b bo‘lur. Vale ikki meva Samarqanddin mashhurdur: sebi Samarqand va sohibiyi Samarqand.

Qishi mahkam sovuqtur, qori agarchi Qobul qoricha tushmas. Yoz vaqtlarida yaxshi havosi bor.

«Boburnoma»dan.