Rudi Fang: Singapur xalqaro sayyohlik biznesi bilan O‘zbekistondagi sayyohlik xizmatlarini taqqoslashga hali erta
“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Janubiy-sharqiy Osiyo xalqaro turizm tadqiqot markazi tomonidan “Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan davlatlarda restoran va mehmonxona biznesini rivojlantirish” mavzusida I xalqaro seminar o‘tkazildi.
Samarqand shahridagi “Registon Plaza” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda turizm sohasi mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalqaro sayyohlik biznesi sohasiga ilk qadamlarini qo‘yayotgan bir paytda turizm industriyasi vakillari va manfaatdor tomonlar bu borada yuqori tajriba va salohiyatga ega Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari kabi tajribali hamkorlardan sayyohlarning talab va istaklarini, ularga ortig‘i bilan xizmat ko‘rsatishni o‘rganishi zarur. Shu maqsadda tashkil etilgan anjumanda xalqaro ekspertlar soha mutaxassislariga o‘z tajriba va ko‘nikmalarini taqdim qildi.
- Singapur xalqaro sayyohlik biznesi bilan O‘zbekistondagi sayyohlik xizmatlarini taqqoslashga hali erta, - dedi O‘zbekiston-Singapur turizm markazi direktori Rudi Fang. – Singapurda turistlarga xizmat qiluvchi mutaxassislarni tayyorlashdan tortib, ularni ishga joylashtirish va sohani rivojlantirishgacha bo‘lgan jarayon bir-biri bilan uzluksiz bog‘langan.
O‘zbekiston xalqaro sayyohlarga jahon standartlariga mos tarzda xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish borasida hali ko‘p ishlarni amalga oshirishi, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashi, hududlarda ekotizimni yaxshilashga erishishi lozim. Shunisi quvonarliki, Janubiy-sharqiy Osiyo turizm xalqaro tadqiqot markazi keyingi besh yil davomida O‘zbekistonning barcha hududlarida o‘z filiallarini ochishni rejalashtirmoqda. Markaz Singapur tajribasidan foydalanishni maqsad qilgan.
Ma’lumot uchun: 2019 yilning dekabr oyida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti va Buxoro davlat universiteti Singapurning “O‘zbekiston-Singapur” turizm markazi bilan hamkorlikda dunyoda yagona – Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo turizmi xalqaro tadqiqot markaziga (CASEA-InTouReC) asos solgan.
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti markazning bosh ta’lim muassasasi bo‘lib, Buxoro davlat universiteti magistrlik bo‘limi hisoblanadi.
Xurshida ERNAZAROVA.