Zurab Pololikashvili faxriy professor bo‘ldi
Mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Xalqaro turizm akademiyasi 2023 yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi doirasida ochilgan edi.
Akademiya turizm sohasi tadbirkorlik sub’yektlari buyurtmasiga ko‘ra bir yilda bir necha marotaba ta’lim guruhlari shakllantirgan holda bilan o‘quv kurslari tashkil etadi. Bu yerda uch yilda 2740 nafar o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari qayta tayyorlanadi.
Jumladan, birinchi akademik yilda bitta dastur – mehmondo‘stlik menejmenti bo‘yicha 2024 yilda 20 nafar trener va 2025 yil yanvardan 200 nafar mutaxassis tayyorlanadi. Ikkinchi akademik yildan boshlab mavjud uch yo‘nalishda 60 nafar trener va 1200 nafar mutaxassis o‘qitiladi.
Akademiyaning o‘quv dasturi Shveysariya mehmondo‘stlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Mashg‘ulotlar chet ellik maslahatchilar tomonidan olib boriladi. Akademiyani tamomlaganlarga hamkor ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modulni tugatgandan so‘ng talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot o‘tash orqali soha bo‘yicha tajribaga ega bo‘ladi.
– O‘tgan yilgi yubiley sessiyamiz chog‘ida mazkur akademiyani ochganimizda hali bu yerda ishlar yakuniga yetmagan edi, – deydi Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili. – Bugun esa akademiyada butunlay o‘zgacha muhit yaratilganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. Dunyoda bunday muassasalar ko‘p emas, Samarqanddagi akademiyamiz ular orasida o‘z imkoniyatlari bilan ajralib turishi shubhasiz. Ayni paytda Afrika, Lotin Amerikasi davlatlarida ham turizm sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi ta’lim muassasalari tashkil etishga qiziqish bildirilmoqda. Menga bugun shunga amin bo‘ldimki, ularga Samarqand akademiyasini namuna qilib ko‘rsatishimiz mumkin ekan. Biz kelgusi yilda Samarqandda turizm uchun kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan ikkinchi xalqaro forumni o‘tkazmoqchimiz. Mazkur akademiya esa bunda asosiy baza bo‘ladi.
Zurab Pololikashivili va Aziz Abduhakimov akademiya birinchi talabalari bilan suhbatlashdi, ta’lim jarayonlari bilan tanishdi.
Tadbir chog‘ida Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashviliga Samarqand xalqaro turizm akademiyasining faxriy professori unvoni berildi.