Rus milliy madaniyat markazi - 25 yoshda

Mamlakatimizda rus milliy madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligi keng nishonlanmoqda.

Sana munosabati bilan poytaxtimizda o‘tkazilgan “"O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni asrash, rus tili va madaniyatini rivojlantirish, vatandoshlar haqidagi tarixiy xotirani asrashda O‘zbekiston rus milliy madaniyat markazining roli” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman qatnashchilari 20 aprel kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Republika Rus milliy madaniyat markazi rahbarlari, Rossiya vatandoshlari butunjahon muvofiqlashtirish kengashi a’zolari, Rossiya, Xitoy, Moldova, Ozarbayjon, Gruziya va boshqa davlatlardan kelgan mehmonlar Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov boshchiligida keng jamoatchilik tomonidan tantanali kutib olindi.

Samarqand shahar hokimligida o‘tkazilgan tadbirda shahar hokimi F.Rahimov mehmonlarni tabriklab, yurtimizda turli millat va elatlar qatori ruslar ham ahil-inoq, hamjihatlikda yashab kelayotganini ta’kidladi. Bu borada rus milliy madaniyat markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.

– Jonajon O‘zbekistonimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar markazimiz ishini risoladagidek yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston rus milliy madaniyat markazi raisi Sergey Mironov. – Markaz tomonidan tashkil etilayotgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlod qalbida vatanparvarlik, millatlararo hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat g‘oyalarini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.

Mehmonlar Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.

Z.Baltayeva.