Rus Robinzoni: 1847 yilda bo‘lib o‘tgan hayratomuz voqea

1847 yilda 24 yashar olifta, poytaxtlik zodagon avlodidan bo‘lgan, iste’fodagi harbiy Sergey Litsisin Amerikaga borish istagida Andreyev bayrog‘i ostidagi kema palubasiga qadam qo‘ydi. U kema ofitserlari tomonidan samimiy qabul qilindi. Lekin mast bo‘lib, kema komandiriga ortiqcha gaplarni gapirdi, matroslarni yo‘ldan ozdirib, ularni isyonga boshlamoqchi bo‘ldi. Kapitan fitnachining ko‘zini, qo‘lini bog‘lab, odam yashamaydigan qirg‘oqqa tushirib ketishni buyurdi. Kichkinagina maktub ham yozib, yoniga qo‘ydi...

Lisitsin o‘ziga kelib qo‘llari va ko‘zidagi bog‘ichni ochib, ufqda g‘oyib bo‘layotgan kemani ko‘rdi. Olihimmat kapitan unga bir chamadon kiyim-kechak, uch juft oyoq kiyimi, bitta po‘stin, ikkita pistolet, qilich, pichoq, bir muncha qand va choy, tilla cho‘ntak soati, bir pud qotgan non, ikki flyaga aroq, toza yozuv daftarlari, soch-soqol olish buyumlari, chaqmoqtosh, gugurt va hatto 200 dona gavana sigaralarini qoldiribdi.

Buning ustiga 26 zaryadli miltiq va yozgan xatini ham ilova qilibdi:

“Qadrli Sergey Petrovich! Dengiz nizomiga binoan qilmishlaringiz uchun sizni sud qilib, o‘lim jazosiga hukm qilishimiz kerak edi. Yoshlik qilganingizni hisobga olib, benazir iste’dodingiz, ayniqsa, men sezgan, rahmdilligingiz tufayli hayotingizni saqlab qolaman... Yolg‘izlik va muhtojlik badbaxt xulq-atvoringizni yaxshi tomonga o‘zgartirishini chin yurakdan tilab qolaman. Vaqt va mulohaza sizga mening xayrixohligimni qadrlashga o‘rgatadi va agar taqdir taqozosi bilan yana uchrashib qolsak, dushman sifatida uchrashmaymiz, deb umid qilaman. A.M.”.

Lisitsin hayotida o‘z qo‘li bilan hech nima qilmagan. Uyda unga  krepostnoylar, polkda esa askarlar xizmatda bo‘lgan. Kema Oxot dengizi bo‘ylab suzayotganini bilib turib, u o‘zini Aleut yoki Kuril sohillaridagi quruqlik qismlarining birida qoldirilgan, deb umid qildi. Keyinchalik uning ahvoli ishonarli emasligiga amin bo‘ldi. Chunki taqdir uni ikki dengiz qurshovida qoldirgan edi. Oldindan sovuq dengiz to‘lqinlari shovullar, orqada esa “yam-yashil dengiz” – quyuq o‘rmon guvillardi. O‘rmonda esa ayiqlar, bo‘rilar, silovsin va zaharli ilonlar yashaydi.

Bir haftada “Rus Robinzoni” o‘ziga pechkali uy qurdi, mebel yasadi. O‘q va patronlarni tejash maqsadida kamon va nayza ham sozladi va juda to‘g‘ri qilgan ekan. Qishda uning uyiga bo‘rilar to‘dasi keldi - miltiqdan o‘q uzib, 8 yirtqichni o‘ldirdi. Undan oldin esa ayiqni o‘ldirib, o‘ziga issiq po‘stin va ayiq go‘shti g‘amlab qo‘ydi. Baliq ovladi, qo‘ziqorin terib, quritib qo‘ydi.

12 aprel kuni Sergey Lisitsin bahorgi qattiq shtorm oqibatlarini ko‘zdan kechirib, sohil bo‘ylab aylanib yurganida yuz tuban yotgan, holsiz, hushsiz bir kishini ko‘rib qoldi. Badbaxtning ismi Vasiliy bo‘lib, u rus Amerikasi (Rossiyaning o‘sha paytdagi guberniyalaridan biri) tomon suzayotgan kema teshilishi oqibatida hamma undan qochib qutulib, u o‘g‘li bilan unutilib qoldirilgan yo‘lovchi ekan...

Yaqin atrofdan kemani topib olishdi. Unda Vasiliyning 16 yashar o‘g‘lidan tashqari, ikki kavkaz ovcharkasi, mushuklar, 8 zotli buqa, 16 ta ho‘kiz, 26 ta qo‘y, oziq-ovqat, arpa va javdar urug‘i, qurol-aslaha, teleskop, 2 ta durbin, samovar, qurish va poliz asboblari bor edi.

Yetti oylik yolg‘izlik zodagonning popugini butunlay pasaytirib qo‘ygandi. Bunday xo‘jalik va ikki baquvvat mohir qo‘lli yigit bilan yoz davomida ular nafaqat uy va hammomni yangilab olishdi, yog‘, qaymoq, pishloq va tvorog qilishni ham o‘rganishdi. Yerni haydab, arpa va javdar hosili to‘plashdi. Ko‘p miqdorda dengiz va daryo balig‘i ovlashdi. O‘rmon ko‘kati va mevalari, qo‘ziqorin terib ishlov berishdi. Xullas, mehnat kommunasi bo‘lib yashay boshlashdi.

...1857 yilda yozuvchi Aleksandr Sibiryakov  Priamurening mis va tilla konlarining mehmondo‘st xo‘jayini Sergey Lisitsin bilan uchrashdi. Mis rudasi va oltin konlarini u o‘zi yolg‘iz bo‘lgan paytlari topib qo‘ygandi. Hukumat uni shu yerlarning boshqaruvchisi ham etib tayinlagandi. “Jumavoy” Vasiliy esa uning doimiy hamrohi edi. Uning o‘g‘li Moskva universitetida tahsil olardi.

Lisitsinning hisobidan Peterburg universitetida qachonlardir buzg‘unchi harbiyni odam yashamaydigan sohilga tashlab ketgan kema komandirining ikki o‘g‘li o‘qirdi. Badavlat bo‘lganidan keyin Sergey Lisitsin keksa cholni izlab topdi, uni oxirgi safariga kuzatib qo‘ydi va bolalariga g‘amxo‘rlik qildi.

Nikolay SIBIRYaKOV.

B.MUHAMMADIYeVA tarjimasi.