Rustam Qobilov: "Samarqand va Malayziyaning Perlis shtati o‘rtasida turizm sohasida eng foydali loyihalar amalga oshiriladi"
O‘zbekistonning ko‘p asrlik islom merosi ziyorat turizmni rivojlantirishda katta istiqbollarga ega. Shu maqsadda Samarqand viloyatining bir guruh vakillari O‘zbekistonga maxsus ziyorat sayohatlarini tashkil etish maqsadida Malayziyaga bordi.
Uch kun davom etgan tadbirlar davomida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov Malayziyaning Perlis shtati valiahd shahzodasi Sayyid Fayzuddin Putra ibni Sayyid Sirajuddin Jamolullail, Davlat ma’muriyati (hokim) rahbari Mohd Shukri Ramli, Turizm, san’at va madaniyat vaziri o‘rinbosari Xayrul Firdavs, Islom turizm markazi direktori Alissa Yussinlar bilan uchrashib, ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Samarqandda turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan mega-loyihalarning mamlakatimizni sayyohlar uchun jozibador maskan sifatida tanitishiga hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.
- Bugungi kunda Samarqand dunyoga har tomonlama ochilmoqda, - dedi R.Qobilov. - Uning dunyoga mashhur ziyoratgoh va qadamjolari sayyohlarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. Samarqand hududida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Maxdumi A’zam kabi musulmon olamining taniqli olimlari yashab ijod qilgan, ularning ziyoratgoh komplekslari ziyorat turizmni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Uchrashuv davomida respublikamizning sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish va Samarqand brendini “sayyohlik darvozasi” sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda dunyoning aksariyat mamlakatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasi modernizatsiya qilingani, valyuta-bank tizimi takomillashtirilgani, sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Samarqand xalqaro aeroporti va “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro sayyohlik markazi imkoniyatlari ham namoyish etildi. Uni xorijiy aviakompaniyalar uchun transport va sayyohlik markaziga aylantirish va ushbu tarixiy shaharga ziyoratchilar sonini sezilarli darajada oshirish maqsadida “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgani ta’kidlandi. O‘z o‘rnida malayziyaliklar Perlis shtatida o‘zbek madaniyati va turizmi “burchagi”ni ochish, qo‘shma tadbirlar va B2B uchrashuvlarini o‘tkazish orqali Samarqandning boy turizm salohiyatini targ‘ib qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo olimlari va mutafakkirlarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi qayd etildi. Imom Buxoriy va Imom Termiziy merosi Malayziyada katta obro‘ga ega. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston malayziyalik sayyohlar uchun eng yaxshi yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin.
Malayziya tomoni turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Xayrul Firdavs “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning sayyohlik darvozasi” brendini targ‘ib qilish va sayyohlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ulkan maqsadlarga erishish uchun keng ko‘lamli yo‘nalishlarni ishlab chiqish va ishga tushirish g‘oyat muhim, degan fikrni bildirdi. Uchrashuvda musulmon turizmi standartlarini ishlab chiqish va “ziyorat-turizm” mahsulotlarini yaratish bo‘yicha tajribalar almashish, Islom turizmi markazi bilan birgalikda respublika vakillari uchun o‘quv kurslarini tashkil etish kabi qator kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Perlis davlatining sayyohlik kompaniyalari tomonidan “ziyorat-turizm”, “madaniy turizm”, “etnoturizm”, “qishki turizm”, “Umra+”, “ish turizmi” tur-paketlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, Samarqand viloyati yoshlariga davlat oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishlari uchun ta’lim grantlari ajratish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Perlis universiteti va Perlis Islom universiteti orqali talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: Perlis shtati Malayziyaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan. Viloyat aholisining 89 foizi malay millatiga mansub xalq, 8 foizi xitoylar, 3 foizi hindlar va boshqalar. Poytaxti Kangar shahri. Shtat mamlakatning Osiyo qit’asiga olib boradigan temir yo‘l darvozasi bo‘lib, Tailand orqali tovarlar eksporti va importi uchun muhim yo‘lak hisoblanadi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, logistika va turizm.