Safar Ostonovning iltifoti

Bugun taniqli jurnalist, mohir publitsist Safar Ostonovning tug‘ilgan kuni. Hayot bo‘lganida 75 yoshga to‘lardi. Afsuski, pandemiya balosi ustozning oramizda erta ketishiga sabab bo‘ldi.

Safar aka bilan bog‘liq ayrim xotiralarimni yozishdan avval u kishining faoliyati haqida qisqacha ma’lumot bersam.

Safar Ostonov 1948 yil 13 noyabrda Oqdaryo tumani Olchintepa qishlog‘ida tug‘ilgan. 1972 yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1971 yili respublika yoshlar gazetasida musahhih vazifasidan boshlagan. 1990−1996 yillari "Sport", "O‘zbekiston futboli" gazetalarida bosh muharrir, 1996−2002 yillarda O‘zbekiston prezidenti devonida yetakchi konsultant, bosh konsultant lavozimlarida ishlagan.

2002 yildan "O‘zbekiston ovozi" va "Golos Uzbekistana" gazetalarida bosh muharrir lavozimida ishlagan.

U 2019 yilgi parlament saylovlarida 63-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan.

1999 yilda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist" unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, u kishi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi ham edi.

Safar aka bilan o‘tgan asrning 80-yillari oxirida tanishganmiz. Juda samimiy, bor dardini Sizga ishonib to‘kaveradigan, dilkash inson edilar. Yozgan maqola, materiallarimizni erinmasdan o‘qib, tahrir qilishdan, maslahat berishdan charchamasdi. 1990 yildan "Sport" gazetasida birga ishladik. Mamlakatimizda ilk bor mustaqil, o‘zbek tilidagi sport nashriga asos soldik. Keyin 1993 yili "O‘zbekiston futboli" gazetasini ochdik. Safar aka Prezident devoniga o‘tib ketguncha yonma-yon, yelkama-yelka faoliyat yuritdik.

Safar aka kamtarin inson edi. Devonga o‘tib ketgach ham o‘zini katta tutgani yo‘q. Qayerda, qachon ko‘rishmaylik aka-ukadek, tengdosh do‘stdek yoyilib, soatlab suhbatlashardi. Yonidan qo‘yib yuborishni istamasdi. Hol-ahvolingizni so‘rar, yordam kerak bo‘lsa qo‘lini cho‘zishga doimo tayyor turardi.

Bir gal ertalab to‘yda ko‘rishdik. Sobir O‘narov do‘stimiz qizini uzatishi munosabati bilan Yunusoboddagi "Samara" to‘yxonasida yoru birodarlarini jamladi. “Nahor oshi”dan so‘ng eshik oldida ancha suhbatlashib turdik. To‘yga kelganlar tarqayvergach, biz ham o‘z manzilimiz sari qo‘zg‘oldik.

- Siz qayoqqa ketasiz? - deb so‘rab qoldi Safar aka.

- Men Yunusobodda 8-kvartalda turaman, - U kishiga “Uyga”, degim kelmadi-da, “Sizni kuzatib qo‘yaman, ustoz”, dedim.

- Men ishga borishim kerak, gazetalar korpusiga, yuring birga ketamiz, - dedi Safar aka. - Bugun xizmat mashinamga javob bervorgandim, birorta taksi "ushlarmiz".

Birga katta yo‘lga chiqdik. Yo‘l yoqasida turib, o‘tayotgan mashinalarga endi qo‘l ko‘tarmoqchi bo‘lib turgandim, bir “inomarka” mashina yonimizga kelib to‘xtadi. Mashinaning old oynasi ochilib, “Safar aka, o‘tiringizlar”, degan chorlov eshitildi. Taniqli xonanda Hojiakbar Hamidov ekan.

- E, Hojiakbar aka, salomatmisiz? Qayoqqa ketyapsiz? Biz SUMning yoniga borishimiz kerak edi, - deya Safar aka mashinaning old o‘rindig‘iga o‘tirdi.

- Yo‘limiz bir ekan, men "pedinstitut"ga qarab ketayotuvdim. Ishxonangizga tashlab o‘taman, - iltifot ko‘rsatdi Hojiakbar Hamidov.

Ularning samimiy suhbatini tinglab, birpasda manzilga yetib olganimizni ham bilmay qoldik. Hojiakbar aka bizni "Sharq" bosmaxonasi yonidagi turk supermarket oldida qoldirib, o‘z manzillari sari oshiqdi. Safar aka bilan "Demir" do‘koni yonida yana bir yarim soatcha gaplashib turdik. “Sport” gazetasida o‘tgan kunlarni "ag‘dardik". Ayni paytdagi siyosat haqida menga tushuncha, "saboq" berdilar. Asosan Safar aka gapirdilar, men tinglab, goh-gohida ma’qullab turaverdim. Oxiri oyoqlari tik turishdan toliqdi shekilli, bir soatlardan keyin bugun shanba ishxonada hech kim yo‘q, kiring, suhbatlashib o‘tiramiz, deb qoldilar. Uyga bozor-o‘char qilishim kerakligini aytib, uzr so‘radim.

- Iye, Siz Yunusobodda turardingiz-ku. Endi yana ortga qaytasizmi? - deya samimiy jilmaydilar Safar aka xijolatni ko‘tarish uchun. Hechqisi yo‘q, ustoz, Sizni har kuni ko‘rib turibmizmi? Mana, miriqib gurunglashdik, suhbatingizni oldim, dedim.

Safar aka darhol bir taksini to‘xtatdi-da, haydovchiga pul uzatib: “Ukajon, bu kishini avval bozorga, so‘ngra Yunusobodga eltib qo‘ying”, dedi. Mening “Qo‘yavering, Safar aka”, deganimga javoban:

- Siz men uchun shuncha vaqtingizni ajratdingiz, - dedi va qo‘shib qo‘ydi. - Yo‘q bo‘lib ketmang, gazeta korpusiga yo‘lingiz tushganda "O‘zbekiston ovozi"ga kirib turing!

So‘ng odatiga binoan yelkalarini ko‘tarib-ko‘tarib, tomoq qirguncha ishxonasi tomon qayrilib yurib ketdi. Barchaga hamisha bir xil, samimiy munosabatda bo‘lib, o‘ziga juda yaqin oladigan, vaqtini qizg‘anmaydigan dilkash ustozning ortida uzoq qarab qoldim...

Komiljon Jumayev.