Samarqand aholisini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 410 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan
Bu haqda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida bergan axborotida aytib o‘tgan.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatga jami 410 mlrd. so‘m resurs mablag‘lari ajratilgan. Ushbu mablag‘lar har bir mahalla, tuman va banklar kesimida taqsimlangan.
Ishchi guruhlar tomonidan aholini tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida, viloyatdagi 1094 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 647 ming 585 xonadonda yashovchi fuqarolar bilan suhbat o‘tkazilgan.
Viloyat “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazi” tomonidan joriy yilning olti oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning 390,8 mlrd. so‘mlik jami 16 ming 833 ta loyihasi ma’qullangan.
Moliyalashtirilgan loyihalarning 82,4 mlrd. so‘mi (28 foizi) issiqxona, 48,8 mlrd. so‘mi (16 foizi) artizan quduqlar qazish va bog‘dorchilikni tashkil qilish, 41,7 mlrd. so‘mi (14 foizi) parrandachilik xo‘jaligi, 29,5 mlrd. so‘mi (10 foizi) tikuvchilik yo‘nalishidagi loyihalarga moliyalashtirib berilgan.
Bundan tashqari, aholining bandligi va qo‘shimcha daromad olishini ta’minlash maqsadida g‘alladan bo‘shagan 32 ming 599 gektar yer maydoni 18 ming 762 nafar aholiga biriktirib berilgan. O‘z navbatida takroriy ekin ekish uchun 1502 nafar fuqarolarning 10,5 mlrd. so‘mlik kreditga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanib, tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilgan.