Samarqand birdamlik tashabbusining ahamiyati oshib, amaliy harakatlarni taqozo qilmoqda
Global miqyosda misli ko‘rilmagan ishonchsizlik sharoitida umumiy xavfsizlikni ta’minlashga yangi yondashuvlarni izlash zarur. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining 24-sammitida so‘zlagan nutqida qayd etdi.
Davlat rahbari ShHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarga e’tibor qaratdi. Shu nuqtai nazardan, u umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida O‘zbekiston tomoni ilgari surgan Samarqand birdamlik tashabbusini amalga oshirish dolzarbligini ta’kidladi.
Qayd etish lozim, Prezidentimiz 2022 yilda “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surgan edi.
Uning mazmun-mohiyati mintaqaviy va global muammolarni birgalikda hal etish bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Kichik iqtibos
“Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda.”
Aslida, har bir jumla, har bir gap alohida tahlil, chuqur mushohadaga undaydigan ma’ruzadagi shu misolning o‘ziyoq ko‘p narsaga oydiklik kiritadi. Misol uchun, Isroil G‘azoda genotsid sodir etganlikda aylanib, Xalqaro sud oldiga keltirildi. Adolat nuqtai nazaridan qaraganda, ayni paytda Isroil bilan munosabatlar to‘xtatilmagan taqdirda ham unga yordam berilmasligi kerakmi?
Ammo shunday sharoitda Isroilga eng yirik qurol yetkazib beruvchilar AQSh va Germaniya bo‘lib qolmoqda.
Albatta, bunga hamma jim qarab turgani yo‘q. Xususan, Nikaragua G‘azoga nisbatan genotsid jinoyatining oldini olish to‘g‘risida konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzgani uchun Germaniyaga qarshi Xalqaro sudga da’vo arizasi bergan.
Germaniya misolida ishonch darz ketgani bilan adolat tiklanayotgan ekanku, deyish mumkin. Biroq davlatimiz rahbarining keyingi gaplari masala aslida naqadar jiddiyligini yana oydinlashtirgan:
“Global siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelmoqda.”
O‘zgarish o‘zimizdan boshlansin!
Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, davlatimiz rahbari ayni shunday tashabbusni ilgari surgan:
“Davlat rahbari muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida ShHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini qabul qilishga chaqirdi”.
Prezidentning bu chaqirig‘i xalqimizning o‘zing o‘zgarmasang, olam o‘zgarmas naqlini yodga soladi. Zotan, har qanday shaxs yoki jamiyat o‘z qarashlari, munosabat va harakatlarini o‘zgartirishi bilan boshqalarni o‘zgartirishi mumkinligi asrlar mobaynida isbotlangan haqiqat.
Davlatimiz rahbari mintaqaviy xavfsizlik masalalariga to‘xtalib, ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining zamonaviy chaqiriqlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini, shu jumladan, ShHT MATT orqali yaqindan muvofiqlashtirishni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Ma’ruza bilan tanisharkansiz, u ayni damda keng ko‘lamli va chuqur asoslantirilganiga guvoh bo‘lasiz. ShHT iqtisodiy yo‘nalishda strategik yutuqqa erishish uchun tashkilot doirasida savdo tartib-qoidalarini yengillashtirish to‘g‘risidagi bitim, mavjud raqamli savdo maydonchalarini integratsiyalashgan holda elektron tijorat sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.
Loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish, jumladan, fond va ShHT taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Yo‘l qurgan yetar murodga
Qadimiy bu naql ham bugun yangicha mazmun kasb etmoqda. Binobarin, bugun yangi yo‘llar qurish, bu orqali xalqaro aloqalarni, pirovardida, butun mintaqa barqaror rivojlanishining ta’minlash mumkin.
Shu jihatdan, bu masala ham davlatimiz rahbarining e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, Sh.Mirziyoyev ShHT mamlakatlari iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirishga xizmat qiladigan Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlari bo‘ylab inklyuziv transport tizimini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.
Davlat rahbari, shuningdek, logistika tartib-taomillarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, jumladan, ShHT davlatlari chegarasidan olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron almashinuvini tashkil etishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, raqamli iqtisodiyotga o‘tish, «sun’iy intellekt» va ilg‘or IT yechimlarni joriy etish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Qo‘shning tinch – sen tinch
Yangi O‘zbekiston sharoitida bu masala davlat siyosatining muhim tarkibiy qismiga aylangani bugun barchaga birdek ayon. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, ular bilan chegara masalalari bosqichma-bosqich hal etilayotganini ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.
Ammo yana bir qo‘shni, ayni damda jafokash yana bir xalq borki, ularga xalqaro hamjamiyatning e’tibori nafaqat, o‘zlari, balki mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki Afg‘onistonda hukumat tepasiga Tolibon harakati kelgan kundan buyon nafaqat uzoq davlatlar, shu bilan birga qo‘shni mamlakatlar bilan ham yaqin munosabat o‘rnata olgani yo‘q.
ShHTdagi nutqi davomida Prezidentimiz Afg‘onistonning amaldagi rasmiylari bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdagi yondashuvlardagi farqlarga ishora qilib, Kobul bilan muloqotni davom ettirishga chaqirdi.
Shu munosabat bilan «ShHT-Afg‘oniston» muloqot guruhi faoliyatini tiklash taklifi dolzarbligi ta’kidlandi.
Umuman, Ostana shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida 25 ta muhim hujjat imzolandi.
ShHTga raislik Xitoy Xalq Respublikasiga o‘tdi.
Yoqubjon Marqayev.