Samarqand - Buyuk ipak yo‘lida G‘arb-u Sharqni bog‘lovchi mustahkam ko‘prik bo‘lgan
Samarqand - Buyuk ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan. Tarix kitoblarini varaqlaydigan bo‘lsak, bu ko‘hna kent orqali G‘arb va Sharq mamlakatlarida olamshumul voqealar ro‘y berganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Masalan, eramizdan oldingi V-IV asrlarda qadim Yunoniston shohi Filip II va uning o‘g‘li Aleksandr Makedonskiy barpo etgan qudratli imperiya o‘z sarhadini kengaytirish maqsadida Sharqqa yurish qilib, Hindistonga qadar boruvchi karvon yo‘llarini ochadi. Yunonlar Markaziy Osiyoni ishg‘ol qilganlarida yerli xalqlarning boy tarixi, urf-odatlari va ilmu amallariga duch keladi, ulardagi ma’qul jihatlarni o‘zlashtirishga harakat qiladi. Aleksandr Makedonskiy qadimgi Sug‘d, ya’ni Samarqand zaminiga kelgan vaqtida zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”dan bir qator boblarni tarjima qildirib oladi. Undan yuz yil oldin esa mashhur yunon tarixchisi Gerodot (er. av. 490-450) o‘zining “Tarix” kitobida qadim Turon zamini bahodiri alp Er Tunga (Afrosiyob) va massagentlar malikasi To‘maris haqidagi hikoyatlarga keng o‘rin bergan edi. Yoki eramizdan oldingi VII-VI asrlarda bitilgan Gomerning “Illiada” va Zardushtning “Avesto” kitoblarida tasvirlangan otash xudolari Zevs va Axuramazda yoxud “Odessiya”dagi pahlavon Odessey bilan “Alpomish”dagi Alpomish siyratlari o‘rtasidagi o‘xshash jihatlar g‘arb va sharq xalqlari o‘tmishida bir-biriga vobasta shakllangan voqeliklar andozasi emasmikin.
Eramizning VII-VIII asrlarida arablarning Markaziy Osiyoni bosib olishlari, to Yevropaning qoq o‘rtasi (Ispaniyaning Andoluziya viloyatiga qadar)gacha yetib borib, yerli xalqlarga islom dini va islom madaniyatini singdirishlari ham Buyuk ipak yo‘li sarhadlarining kengayishiga, Sharq va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-sotiq, diplomatik va madaniy aloqalarning keyingi ravnaqiga keng imkon yaratdi.
IX-X asrlarda Sharqda shakllangan islom sivilizatsiyasi (Sharq Renessansi – M.X.) davrida Markaziy Osiyo hududida yetishib chiqqan al-Farg‘oniy, al-Xorazmiy, al-Farobiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk allomalar ham qadimgi yunon Rim falsafasi, falakiyot, tibbiyot, fiqx va adabiyot ilmlarini mufassal o‘rganishgan, o‘z asarlarida ikki iqlim ilmini vobasta talqin etib, boy nazariy va amaliy kashfiyotlar yaratilgan. Bu kashfiyotlar keyinchalik arab tilidan lotinchaga o‘girilib, butun Yevropaga tarqalgan. G‘arb Renessansi (XIV-XVII asrlar) davrida falsafa, falakiyot, tibbiyot, matematika, xuquq va adabiyot ilmlarining rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
XIII-XIV asrlarda maydonga chiqqan mo‘g‘ul xonligi Xitoydan to Polshaga qadar katta territoriyada o‘z hukmini o‘tkazgan edi. Ular hukmronligi davrida Buyuk ipak yo‘lining mavqei yanada oshdi, sarhadlari kengaydi. G‘arb qirolliklaridan mo‘g‘ul xonligi va uning poytaxti Qoraqurum, undan o‘tib to Xonbaliq (Pekin)gacha karvon yo‘llari orqali elchilar, savdogarlar, monax ridosidagi missionerlar oqib kela boshlagan. Sababi, G‘arb qirollari har qanday sharoitda mo‘g‘ul xonligi bilan aloqalar o‘rnatish, kelishuv bitimlari tuzib ularning g‘arbiy Yevropaga yurishini to‘xtatib qolish edi.
Dastlab, XIII asrning birinchi yarmida mo‘g‘ul xonligi bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan Rim papasi Innokentiy IV (1195-1254) va Fransiya qiroli Lyudovik IX (1226-1270) zo‘r berib harakat qilishgan. Mo‘g‘ul xonligiga yo‘l olgan birinchi papa Innokentiy IV yo‘llagan monax Plano Karpini 1245 yilning 16 aprelida Fransiyaning Lion shahridan yo‘lga chiqadi va Alp tog‘laridan oshib, rus yerlari orqali Volgabo‘yiga yetib keladi. U Saroy shahrida xon Botu huzurida hozir bo‘lib, o‘z xo‘jasining yorlig‘ini unga topshiradi.
Plano Karpinining Xon Botuning yorlig‘i bilan mo‘g‘ul xonligi poytaxti Qoraqurum shahrigacha yetib boradi va papa Innokentiy IV ning Kuyuk xonga atalgan yorlig‘ini taqdim etadi. 1247 yilning 9 iyunida vataniga qaytib kelgan monax Plano Karpini papa Innokentiy IV ga mo‘g‘ul xonligi, unda yashayotgan xalqlarning turmush sharoiti diniy mazhablari, etnik tartibi va til xususiyatlari haqida ma’lumot beruvchi o‘z hisobotini topshiradi. Plano Karpinining ushbu kundaligi keyinchalik “Mo‘g‘ullar tarixi” (1965 yil) nomi bilan nashr etildi. Plano Karpini izidan 1245 yilda Fransiyaning Lion shahrida yo‘lga chiqqan Askelin de Lonjyumo ekspeditsiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Askelin de Lonjyumo 1245 yil qirol Lyudovik IX yorlig‘i bilan mo‘g‘ul xonligi sari ikkinchi marta yo‘lga chiqadi. Lonjyuma bu safar Qoraqurumgacha yetib boradi va Munke xon huzurida bo‘lib, 1251 yilda Fransiyaga qaytib keladi. Afsus, Askelin de Lonjyumo sayohati tafsilotlarini bayon etuvchi hisobot kundaligi to bizgacha saqlanib qolinmagan.
G‘arbdan Sharqqa, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab mo‘g‘ul xonligi saltanatiga safar qilganlardan yana bir Fransiya qiroli Lyudovik IX elchisi Giyom de Rubruk bo‘lib, u yozib qoldirgan “Sharq mamlakatlariga sayohat kundaligi” kitobi bizgacha yetib kelgan. Mazkur kitob qo‘lyozmasi hozirda Kembrij universitetining kutubxonasida saqlanmoqda. Ushbu kitob 1625 yilda ingliz, 1624 yilda fransuz va 1911 yilda rus tiliga o‘girilib, chop etilgan.
Qirol Lyudovik IX Giyom de Rubrukni yorliq bilan elchi sifatida ulug‘ xon Munke huzuriga yo‘llar ekan, aslida bundan uch maqsadni: mo‘g‘ullar ishg‘ol qilgan yurtlarning jo‘g‘rofiy holati haqida ma’lumot olish, g‘arb tomon yurish qilib kelayotgan mo‘g‘ullar bilan tinchlik sulhi tuzish, ular ishg‘ol qilgan hududlarda yashaydigan xristian dinidagi xalqlar taqdiridan voqif bo‘lish hamda ularni himoyalashni ko‘zlagan edi.
Giyom de Rubruk o‘z hamrohlari bilan Orol dengizining shimolidan o‘tib, Sirdaryo yoqalab yuradi va Kinshat (Bishkek) orqali dashtga chiqadi. Nihoyat, 1253 yil 27 dekabrda Munke xon qarorgohiga yetib kelib, xon qabulida unga o‘z qiroli Lyudovik IXning yorlig‘ini topshirishga muvaffaq bo‘ladi.
XIII asrning ikkinchi yarimiga kelib, italiyalik sayyohlar ham mo‘g‘ul xonligiga sayohat qilgan. Ular orasida Venetsiya qirolligi fuqarolari – tog‘a-jiyan Nikola va Maffeo Pololar sayohati jo‘g‘rofiya ilmi tarixida muhim ahamiyat kasb etadi. 1260 yilda Konstantinopol (Istanbul) dan yo‘lga chiqqan tog‘a-jiyan 1266 yilda Xitoy yerlarigacha borgan. O‘z akasi va amakisi bilan bu sayohatda ishtirok etgan yosh Marko Polo (1254-1324) oradan 4 yil o‘tib, ya’ni 1271 yilning may oyida mustaqil yo‘lga chiqadi va Xitoyga borgach, u yerda 17 yil muqim yashab qoladi. U 1395 yilda dengiz yo‘llari orqali vatani Italiyaga qaytib keladi.
Marko Polo otasi va amakisi bilan qilgan birinchi sayohati hamda o‘zining ikkinchi sayohati davomida ko‘rgan-kechirganlarini 1298 yilda kotiblarga aytib yozdiradi. Uning “Kitob” deb nomlangan ushbu yo‘l xotiralarida tasvirlanishicha, tog‘a-jiyan Pololar Konstantinopoldan yo‘lga chiqib Qrimdan Don daryosi tomon yurgan va Volgani kechib o‘tib, Uralning shimoligacha borishgan, so‘ngra orqaga qaytib Orol dengizi qirg‘oqlariga yetib kelishgan. Orolning janubidan yurib, Amudaryoni kechib o‘tgan va Xorazm yerlari orqali Buxoro hamda Samarqand shaharlarida bo‘lishgan, so‘ngra Qashqar orqali Xitoyga o‘tgan. Marko Polo ikkinchi sayohatini yangi karvon yo‘llari yo‘nalishida davom ettiradi. “Kitob”da Polo birinchi sayohati davrida o‘zi ko‘rgan Markaziy Osiyodagi yirik shaharlarga qisqacha ta’rif keltirib o‘tadi. Biz unda Samarqand va Buxoro shaharlari tavsifini ham o‘qiymiz.
Marko Polo “Kitob”i, Giyom de Rubrukning “Sharq mamlakatlariga sayohat kundaligi” va Plano Karpinining “Mo‘g‘ullar tarixi” kitoblari ilman ham, tarixan ham boy ma’lumotlar berguvchi, bugunda ham ahamiyatga molik bo‘lgan manbalardan hisoblanadi.
XIII-XV asrning birinchi yarmiga qadar Venetsiyadan Markaziy Osiyo bo‘ylab Xitoy va Hindistonga qadar cho‘zilgan Buyuk ipak yo‘li orqali yevropalik elchilar, sayyohlar va monaxlar mo‘g‘ul xonligiga qaram shaharlarda qo‘nim topganlar. Hatto, ulardan vengriyalik Ioxann d`Angri Boshqirdistonda, Jurdon Katala va Odorik de Perdenon Eronda, Peregrino de Kastello va Monte Sorvino Xitoyda, Jan de Kori Sultoniyada, Tomas Monkarolo Samarqandda qurilgan xristian cherkovlarida episkoplik lavozimlarini egallashib, nasroniy dinni targ‘ib va tashviq qilganlar.
Xullas, XII-XIV asrlarda, ya’ni mo‘g‘ullar istilosi davrida yevropaliklar Krit va Rus yerlaridan to Qoraqurum va Xonbaliq (Pekin)ga qadar bo‘lgan katta hududda bemalol bordi-keldi aloqalari qilishgan, elchilik missiyalarini bajarishgan, joylarda xristian cherkovlari qurishgan. Achinarli tomoni shundaki, garchi mo‘g‘ul bosqinchilari XII-XIII asrlarda Sharq Renessansi gultoji bo‘lgan Markaziy Osiyo shaharlarini vayronalarga aylantirib, mavjud boyliklarni talon-toroj qilgan bo‘lsa, G‘arbdan kelgan missionerlar Sharq allomalari yaratgan qomusiy asarlarni o‘z yurtlariga tashib ketgan. Aynan shu davrda g‘arbliklar tarafidan olib ketilgan nodir qo‘lyozmalar Madrid, Parij, London, Konstantinopol va Lion kutubxonalaridan joy olgan.
Taniqli fransuz sharqshunosi Jan-Pol Runing ta’kidlashicha, hozir Lion shahri kutubxonasida 250 ta turkiy, forsiy va arab tillarida bitilgan nodir qo‘lyozmalar saqlanib kelinadi.
Muhammadjon Xolbekov, filologiya fanlari doktori, professor.