Samarqand davlat chet tillar institutida ijodiy imtihonlar boshlandi

Bugun Samarqand davlat chet tillar institutining sharq tillari fakulteti xalqaro jurnalistika ta’lim yo‘nalishi uchun ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.

Imtihonni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetidan kelgan komissiya a’zolari olmoqda.
- Ijodiy imtihon ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi, - deydi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Ferxan Allambergenova. – Universitetimiz tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, unda tasdiqlangan mavzular bo‘yicha dastlab yozma imtihon olinadi. Haqqoniylik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida o‘nta variantda savollar olib kelganmiz. Har bir guruhda abituriyentlar o‘nta variantdan birini tanlaydi. Har bir variantda beshtadan savol mavjud. Birinchi bosqichda abituriyentlar beshta mavzudan birini tanlab, insho yozadi. Ikkinchi bosqichda komissiya a’zolari abituriyentlarni suhbatdan o‘tkazadi. Suhbatda ko‘proq ularning qiziqishlari, sohaga doir muammolar, jurnalistikada kimlarni tanishi va nima uchun ularning ijodlarini yaxshi ko‘rishi haqida savollar beriladi. Abituriyentlarni turli savollar orqali dunyoqarashini baholaymiz.

Shuningdek, abituriyentlarning ommaviy axborot vositalarida yoritilgan ijodiy ishlari ham suhbat davomida inobatga olinadi.
Joriy yilda institutning xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga 134 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan yuqori ball to‘plagan 25 nafar abituriyent o‘qishga qabul qilinadi. Ijodiy imtihon natijalari 24 soat ichida e’lon qilinadi.

Xurshida ERNAZAROVA.