SamDU: Bu yil kasbiy (ijodiy) imtihon topshirgan abituriyentlar test sinovlaridan ozod qilindi

Bugun Samarqand davlat universitetida kunduzgi bakalavriatning tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishida o‘tkazilayotgan ijodiy imtihonlar yakunlandi. Imtihonlar 3 kun davom etdi. Unda jami 488 nafar abituriyent qatnashishi kerak edi, ammo 173 nafar abituriyent imtihonga kelmadi.

Imtihonda dastlab har bir guruhdan nomzod chiqib, komissiya a’zolari tuzgan imtihon biletlardan birini tanladi. Har bir guruhga biletda ko‘rsatilgan tasvirni qalam yoki bo‘yoqda chizish topshirildi. Abituriyentlarga tanlangan natyurmort qo‘yildi va chizish uchun 1 soat vaqt berildi. Shunisi ahamiyatliki, pandemiya sharoitida ushbu yo‘nalishda abituriyentlar faqat ijodiy imtihon topshirdi.

Abituriyentlarning chizmalari har kuni imtihon yakunlangach, maxsus raqamlanib, baholash uchun komissiya a’zolariga topshirildi. Ijodiy imtihon adolatli bo‘lishi uchun komissiya a’zolari Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Jizzax davlat pedagogika instituti mutaxassislaridan tuzildi. Abituriyentlarning chizmalari bir kunda baholanib, ertasi kuni universitet saytida va fizika fakulteti binosidagi maxsus doskada e’lon qilib borilyapti.

Bundan tashqari, ijodiy imtihonda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Axror Mustafoyev nazoratchi sifatida qatnashdi. Shuningdek, viloyat boshqarma va tashkilotlaridan jamoatchilik asosida nazoratchilar jalb etildi. Barcha imtihon jarayonlari universitetning fizika fakulteti binosi hovlisida, maxsus kameralar o‘rnatilgan joyda olib borildi.

Eslatib o‘tamiz: Bu yil SamDUning tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishida 75 ta kvota ajratilgan bo‘lib, ularning 25 tasi grant, 50 tasi kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Xurshida ERNAZAROVA.