Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ijodiy imtihonlar boshlandi
Bugun Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining arxitektura fakulteti binosida ijodiy imtihonlar boshlandi.
2020-2021 o‘quv yili uchun ijodiy imtihonlar institutning dizayn ta’lim yo‘nalishlari, ya’ni landshaft dizayn va interer dizayn yo‘nalishlari uchun bo‘lib o‘tadi.
Imtihonda abituriyentlar chizmachilik fanidan detal va rangtasvir fanidan natyurmort rasmini chizishlari kerak. Chizmachilik uchun 1 soat, rangtasvir uchun 2 soat vaqt beriladi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda imtihon topshirgan abituriyentlar test sinovlari topshirmaydi.
Abituriyentlar chizmachilik fani uchun o‘zlari bilan chizma doskasi, qalamlar, o‘chirgich, knopka, lineyka, sirkul;
- rangtasvir fanidan esa qalamlar, o‘chirgich, akvarel kraskasi, akvarel kistlari, akvarel palitrasi olib kelishlari kerak.
Qabul komissiyasi tomonidan imtihon uchun maxsus muhrlangan qog‘ozlar beriladi.
Ijodiy imtihon bo‘lib o‘tayotgan joy to‘liq kameralashtirilgan bo‘lib, jarayonni ota-onalar institut sayti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishlari mumkin. Imtihon 4 kun davom etadi. Natijasi bir kundan so‘ng ma’lum qilinadi.
Dizayn ta’lim yo‘nalishiga 384 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Qabul kvotasi parametrlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishga 50 ta kvota ajratilgan, shundan 15 tasi grant, 35 tasi kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Xurshida ERNAZAROVA.