Chempion sportchilarning hammasiga ham ijodiy imtihonda maksimal ball berilmaydi
“Xalqaro va respublika tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, professional ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, kattalar va yoshlar o‘rtasida Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari oliy ta’limga imtiyoz asosida qabul qilinadi.
Makur nizomga ko‘ra, 2021-2022 o‘quv yilida Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida oxirgi to‘rt yilda hamda respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib va sovrindor (1-3 o‘rin) bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar qabul qilish boshlanguniga qadar oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qo‘shimcha davlat granti asosida kunduzgi, sirtqi, kechki ta’lim shakllariga imtihon sinovlarisiz qabul qilinishi belgilangandi.
Bu degani, sportning olimpiya va paralimpiya turlari bo‘yicha Olimpiya, Paralimpiya, jahon va Osiyo, respublika musobaqalari g‘oliblari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha imtihonsiz o‘qishga kirishi mumkin edi.
Biroq joriy yil 15 iyunda qabul qilingan “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida sportchilarning o‘qishga kirishdagi imtiyozlari bilan bog‘liq qism tahrirlandi. Imtihonsiz o‘qishga kiradiganlar ro‘yxatidan respublika g‘oliblari butunlay olib tashlandi, jahon va Osiyo chempionatlarining oxirgi to‘rt yillik g‘oliblari emas, oxirgi bir yillik g‘oliblari imtihonsiz o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.
Ya’ni respublika chempionatlari g‘oliblariga o‘qishga kirishda imtiyoz berilmadi va boshqalar qatori oliy ta’lim muassasalariga ijodiy imtihon topshirdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallariga kimlar o‘qishga hujjat topshira olishi va kimlarga kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarida maksimal ball berilishi tasdiqlandi.
Qaroriga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida:
- “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kamida ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lganlar;
- “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligiga esa kamida O‘zbekiston sport ustaligiga yoki O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega bo‘lgan abituriyentlar qabul qilinadi. Bunday talabga to‘g‘ri kelmaydigan abituriyentlar hujjat topshira olmaydi.
Bundan tashqari, 2023/2024 o‘quv yilidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida quyidagilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi:
- O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoniga ega sportchilar;
- xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoniga ega sportchilar;
- O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri sport unvoniga ega sportchilar;
- Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan sportchilar.
Bahodir BERDIQULOV,
sportni rivojlantirish boshqarmasi
sport ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi.