Bu yil Samarqand davlat chet tillar institutiga 1030 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi

Ayni paytda barcha oliy ta’lim muassasalari, Davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish qizg‘in pallada. Bu jarayon Samarqand davlat chet tillar institutida ham davom etmoqda.

– O‘tgan o‘quv yilida bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha 12 ta yo‘nalish uchun abituriyentlardan hujjat qabul qilgan bo‘lsak, 2019-2020 o‘quv yiliga 14 yo‘nalishda abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda, – deydi institut qabul komissiyasi mas’ul kotibi A.Yaxshiyev. – Ya’ni, ikkita – gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (ingliz tili), filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili yo‘nalishi qo‘shildi. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab magistrlar tayyorlash uchun uchta mutaxassislik bo‘yicha o‘n to‘rtta yo‘nalishga qabul bo‘ladi. Magistrlar tayyorlash uchun sinxron tarjima (ingliz tili) yo‘nalishi ham qo‘shildi. Magistrlar tayyorlash bo‘yicha qabul joriy yilning 1 iyulidan boshlanadi.

Institutga 2019-2020 o‘quv yilida bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha grant asosida 165 nafar hamda to‘lov-kontrakt asosida 865 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi. Shuningdek, magistrlar tayyorlash bo‘yicha 22 nafar kishi grant va 87 nafar xohlovchi to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.

– Bu yil to‘rtinchi bor oliygohga kirish uchun hujjat topshirdim, – deydi mazkur institutning filologiya va tillarni o‘qitish: nemis tili yo‘nalishi uchun ro‘yxatdan o‘tgan toyloqlik O‘lmas Norpo‘latov. – Hujjat topshirish jarayoni biror marta bugungiday oson bo‘lmagandi. Qabul komissiyasi bergan yo‘llanma asosida bankka borib 101 ming 365 so‘m to‘lov qilib keldim va pasport hamda o‘rta ta’limni bitirganlik bo‘yicha diplomim orqali ro‘yxatdan o‘tdim. Endi pasport seriya va raqami orqali “Shaxsiy kabinet”imga kirib, test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat beruvchi DTM elektron varaqasini chiqarib olaman va shu orqali imtihonda qatnashaman.  

Abdujabbor PO‘LATOV.