Samarqand kitobxonlari sinovdan o‘tadi

18 oktyabr — Samarqand shahri kuni munosabati bilan shahar hokimligi hamda Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tashabbusi bilan “Samarqand kitobxonlari” nomli tanlov o‘tkaziladi.

Tanlovning asosiy maqsadi yosh avlod ongida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sodiqlik tuyg‘usini shakllantirish va kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etishdan iborat.

Mazkur tanlovda shahar tarixi, ulug‘ alloma va mutafakkirlarimizning hayot yo‘li, ularning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi hamda bizga qoldirgan boy merosi haqida bilimga ega bo‘lgan yoshlar ishtirok etishi mumkin.

Tanlovda shahardagi korxona, tashkilotlar va ta’lim muassasalarida ishlayotgan yoki o‘qiyotgan, shuningdek, o‘qish yoki ish bilan band bo‘lmagan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qatnashishi mumkin.

 Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi adabiyotlarni o‘qib-o‘rganish talab etiladi:

  1. “Temur tuzuklari” — Sohibqiron Amir Temur
  2. “Boburnoma” — Zahiriddin Muhammad Bobur
  3. “Ona lochin vidosi” — Pirimqul Qodirov
  4. “Jayhun ustida bulutlar” — Mirkarim Osim
  5. “Ulug‘bek xazinasi” — Odil Yoqubov
  6. “Shajarayi turk” — Abulg‘ozi Bahodirxon
  7. “Ko‘hna dunyo” — Odil Yoqubov
  8. “Yulduzli tunlar” — Pirimqul Qodirov
  9. “Avlodlar dovoni” — Pirimqul Qodirov
  10. “Navoiy” — Oybek

Tanlov bosqichlari

 Dastlabki bosqich

  • Arizalar mahalla, korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari orqali qabul qilinadi. Ishtirokchilar belgilangan adabiyotlar asosida test sinovlari orqali saralanadi.
  • Ba’zi tashkilot va muassasalar tanlovni o‘z tuzilmalariga muvofiq bir necha bosqichda tashkil etishi mumkin. Ularga mustaqil ravishda qaror qabul qilish va shartlarga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

Test sinovi sharti:

  • Ishtirokchilar Samarqand tarixi va yuqoridagi adabiyotlar asosida tayyorlangan 25 ta test savoliga javob beradi.
  • Har bir to‘g‘ri javob uchun 4 ball beriladi.

So‘nggi bosqich

  • Tanlovning shahar bosqichi oktyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.

“Tezkor savol-javob” sharti:

  • Ishtirokchilarga ekspertlar komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan adabiyotlardan 10 ta savol beriladi va javob berishda tezkorlik talab etiladi.
  • Hakamlar hay’ati tomonidan javoblarga aniqlik kiritish maqsadida qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.

Muhim ma’lumotlar

  • O‘qiydigan ishtirokchilar arizalarni ta’lim muassasalari orqali,
  • Ishlaydiganlar — korxona va tashkilotlardagi tashkiliy qo‘mita orqali,
  • Uyushmagan yoshlar — mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali taqdim etadilar.

Shahardagi boshqarma, korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari tomonidan saralab olingan ishtirokchilarning shahar bosqichida qatnashishi uchun onlayn tarzda, (@manaviyatmarifat24 telegram kanali orqali) tegishli bayonnomani ilova qilgan holda talabnoma yuboradi.

G‘oliblarni mukofotlash

  • 1-o‘rin — I darajali diplom, 10 million so‘m
  • 2-o‘rin — II darajali diplom, 6 million so‘m
  • 3-o‘rin — III darajali diplom, 4 million so‘m

G‘oliblar Samarqand shahar hokimi va Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi tomonidan taqdirlanadi.