Samarqand korxona va tashkilotlarining soliq qarzdorligi 22,3 milliard so‘mga kamaytirildi
Soliqlar byudjet tushumlarining asosi, iqtisodiy taraqqiyot va farovon hayot kafolati. Shunday ekan, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, bu boradagi burchga mas’uliyat bilan yondashish muhim sanaladi. Biroq soliq to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirmaydigan, mas’uliyatni his qilmaydiganlar ham mavjud. Buning natijasida qarzdorlik paydo bo‘lmoqda.
Boqimandalik hech qachon olqishlanmagan. Boqimandalikni o‘ziga kasb qilib olganlarning esa barakasi bo‘lmaydi. Zero, baraka ham harakatdadir.
Xo‘sh, bugungi kunda Samarqand viloyatida soliq qarzdorligi bo‘yicha vaziyat qanday?
Viloyat davlat soliq boshqarmasi soliq qarzini undirishni tashkil qilish bo‘limi boshlig‘i Akmal Valiyevning ta’kidlashicha, viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan korxona va tashkilotlarning soliq qarzdorligi 52,3 milliard so‘mni tashkil etib, yil boshi (74,6 milliard so‘m)ga nisbatan 22,3 milliard so‘mga kamaytirildi.
Jumladan, Past Darg‘om tumanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan "Juma elevatori" aksionerlik jamiyatining 840,9 million so‘mlik, Payariq tumanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Meyor qurilish asfalt” sho‘’ba korxonasining 569,1 million so‘mlik, Ishtixon tumanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Ishtixon agroservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 220,2 million so‘mlik soliq qarzlari undirildi.
Umid ALIMOV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.