Samarqand “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoniga mezbonlik qiladi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida respublikamiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab 21 maydan 5 iyunga qadar “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni o‘tkaziladi.

Viloyatimiz 28-29 may kunlari ushbu velomarofoniga mezbonlik qiladi. Velomarafonda yoshlar, partiya faollari va hamkor tashkilotlar ishtirok etadi.

28 may kuni start oladigan marafon “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i, Jomboy shahri ichidan Tut mahallasi orqali Qorasuv massiviga chiqish, Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, Afrosiyob muzeyi, Hazrati Xizr majmuasidan Shohi Zinda majmuasiga, Bibi Xonim masjidi va Toshkent ko‘chasidan Buxoro ko‘chasi orqali Abu Mansur Moturidiy maqbarasi, Registon maydoni, Ruhobod, Universitet xiyoboni va Amir Temur maqbarasi va Islom Karimov haykaliga qadar harakatlanadi.

29 may kuni Registon maydonidan start oladigan velomarafonchilar Qorasuv massividan Mahdumi A’zam, Imom Buxoriy, Chelak va Loyish shaharchalari orqali Navoiy viloyatiga kuzatiladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi axborot xizmati.