Samarqand osmonga bo‘ylayapti
O‘tgan yil 11 yanvar kuni davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chog‘ida Samarqand shahri uchun Qorasuv massividan ajratilgan 50 gektar maydonda qisqa fursatda bunyod etilgan ellikka yaqin uy-joylar bilan tanishgan va shaharchani yanada kengaytirish, zamonaviy ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’yektlari, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari qurilishini davom ettirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Shuningdek, hududda “Agromir bildings” kompaniyasi tomonidan xorij texnologiyasi asosida monolit usulida barpo etilishi rejalashtirilgan 12, 14, 16 qavatli turar joylar qurilishi qo‘llab-quvvatlangan edi.
O‘sha kuni viloyat faollari bilan uchrashuvda ham hududlarda uy-joylar qurilishi ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha fikrlar bildirildi, aholining murojaatlari eshitildi. Bunga javoban Prezidentimiz Samarqandning har bir qarich yeri qadrli, tuprog‘i unumdorligini ta’kidlab, bu yerlardan samarali foydalanish, viloyatda ko‘p qavatli uylar qurilishini ko‘paytirish orqali aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish zarurligini qayd etgan edi.
Ana shu tashabbus asosida viloyatimizning bir qator tumanlarida ko‘p qavatli uylar qurilishiga kirishildi. Urgut va Toyloq tumanlarida esa Samarqand shahridagi kabi 12, 14, 16 qavatli uylar qurilishi boshlandi.
Jumladan, Toyloq tumani markazidan 6 gektar yer maydoni ajratilib, ikki ming xonadonga mo‘ljallangan 20 ta ko‘p qavatli uy, xizmat ko‘rsatish va servis majmualari qurish bo‘yicha loyiha tasdiqlandi. 2019 yilning o‘zida 6 ta 12 qavatli uy qurilishi boshlanib, ayni paytda bu uylarda so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Urgut tumanida esa Mergancha mahallasi hududida 20 gektar yer maydoni “Yangi Urgut maskani” barpo etish uchun ajratildi. Bu yerda ham o‘tgan yil avgust oyida 6 ta 12 qavatli uy qurilishi boshlangan edi va bugun ushbu yangi xonadonlarga aholi ko‘chib kelmoqda.
Qishloqdagi shaharcha
Ha, bugun Mergancha yangi, zamonaviy uy-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari bunyod etilgan zamonaviy shaharcha ko‘rinishini olgan.
– Shu qishloqda tug‘ilib o‘sganman, mahallamizda qaysi oila qanday hayot kechirishini yaxshi bilaman, – deydi Urgut tumanidagi Mergancha mahalla fuqarolar yig‘ini raisi To‘ychi Murodov. – To‘g‘risi, avvallari ham qishlog‘imizda o‘ziga tinch, to‘q oilalar bo‘lgan, lekin hozirgidek zamonaviy uy-joylar qayoqda edi. Odamlar uy-joy qurishga ham qo‘rqardi. Chunki uyni pishiq g‘ishtdan qursangiz, “g‘ishtni qayerdan olding?”, tomni tunuka bilan yopsangiz “buning pulini qayoqdan topding?” degan so‘roqlar bo‘lardi. Shu sababli odamlar uy-joyiga qarashga hafsala qilmagan yoki bunga imkoniyati bo‘lmagan. Juda orzu-havas qilgan odam ham oshib borsa “bolxona”dor uy qurardi, xolos. Buyam qishloqda sanoqli bo‘lardi.
Qishlog‘imizda 2013 yilda ilk bor namunaviy loyiha asosida uylar qurilib, aholiga imtiyozli kredit asosida berilganda ko‘pchilik ishonqiramay qaradi, havas qilsa-da olishga shoshilmadi. Bir-ikki yildan keyin esa bu uylarga talabgorlar ko‘paydi, tumanimizning turli hududlaridan odamlar ko‘chib kela boshladi. Keyin, 2017 yildan ikki sotixli arzon uylar qurildi, 2018 yildan esa uch qavatli uylar bunyod etildi. Shu tarzda o‘sha yili 4 ta, o‘tgan yil 7 ta ko‘p qavatli uy barpo qilinib, 240 oila ko‘chib keldi. Bu yil yana 48 xonadonli 2 ta to‘rt qavatli uy qurilyapti. Ikki-uch oyda bu yangi xonadonlarga uy-joyga ehtiyojmand oilalar ko‘chib keladi. Kotejlarimiz ham 400 taga yaqinlashib qoldi. Shu paytgacha mahallamizda 295 xo‘jalikda 2200 dan ortiq aholi yashagan bo‘lsa, endi xo‘jaliklar soni va aholi qariyb ikki barobar oshdi. O‘tgan yil hududimizda 12 qavatli uylar qurilishi boshlangach, Merganchani odamlar qishloq demayapti, “Urgut siti” deb atashyapti. Ana shu yangi “siti”da 10 oyda 6 ta 12 qavatli, 336 xonadonli uylar qurilib, bugun ko‘rgan ko‘zni quvnatmoqda. Bu uylarda hayot kechirishning ta’rifu tavfsini men aytsam, mubolag‘a deysiz, yashayotganlardan so‘rasangiz, o‘zingiz ham bunga amin bo‘lasiz.
12-qavatga 25 soniyada chiqish mumkin
Urgut tumani hokimligi bosh mutaxassisi Nodir Shodiyev hamrohligida “Urgut siti”dagi yangi uylarni borib ko‘rdik.
– Tumanimiz markazida shu paytgacha ham ko‘p qavatli, ya’ni 4-5 qavatli uylar bor edi, – deydi N.Shodiyev. – O‘tgan asrning 80-90 yillarida qurilgan bu uylarda, afsuski, keyingi yillarda tabiiy gaz, isitish tizimi, suv ta’minoti va boshqa kommunal xo‘jalik masalalarida muammolar yuzaga kelavergach, “kvartira”lardan odamlarning hafsalasi pir bo‘la boshlagan edi. O‘zimizga ham kunda kunora shu uylar bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar bo‘lardi. Shuning uchun Merganchada 12 qavatli uylar quriladi, degan gap chiqqanda, qurilish ishlari boshlanganda ham urgutliklar bu uylarga unchalik qiziqish bildirmadi. Mana endi bugun, yangi, zamonaviy uylarga odamlar ko‘chib kelib, yashay boshlagach, bu xonadonlarning qulaylik va imkoniyatlarini ko‘rgach, qarashlar o‘zgaryapti.
– Ilgari ko‘p qavatli uy qurish uchun yer qazilib, bir yil poydevor qo‘yishga hozirlangan, – deb suhbatga qo‘shildi mazkur ob’yekt qurilishiga mas’ullardan biri Samad Qurbonov. – Keyin yana bir necha yil qurilish davom etgan. Bugun esa qurilish texnologiyalari o‘zgardi. Uy qurish uchun bir necha yil kutish shart emas. Biz qurayotgan ko‘p qavatli uylarni qurish uchun birinchi navbatda hududning keyingi 50 yillik seysmik holati o‘rganiladi. Bu yerda necha balgacha zilzila bo‘lishi mumkin va bunga qarshi qanday choralar ko‘rish lozim? Shu asosida poydevor qo‘yiladi. Bu borada xorijiy mamlakatlarda tajriba orttirganman. Mana shu uylarimiz 8-8,5 balli zilzilaga bardoshli qilib, quyma temir beton konstruksiyalar va gazoblokdan qurilgan. Devorlar xonadonda qishda issiq va yozda salqin saqlaydigan qurilish materiallari bilan qoplangan. Har bir xonadon alohida isitish tizimiga ega. Tabiiy gaz ta’minoti mavjud.
Mezbon yangi xonadonlar imkoniyatlari bilan tanishish uchun bizni lift tomon boshladi.
– Uylarimizga xorijdan keltirilgan ikki xil – odamlar uchun va yuk tashishga mo‘ljallangan lift o‘rnatilgan, – dedi u va soatimiz sekundomeriga qarashimizni so‘radi. – Birinchi qavatdan 12 qavatgacha qancha vaqtda chiqishimizga e’tibor bering. Bu liftlar shunday ishlanganki, biror bir sabab bilan elektr energiyasida uzilish bo‘lsa qavatlar o‘rtasida to‘xtab qolmaydi, ya’ni liftda qolib ketmaysiz. Belgilangan qavatga chiqishingiz yoki tushganingizgacha ishlab turadi.
25 soniyada 12-qavatga ko‘tarildik. Uyning eng yuqori qavatidagi va quyi qavatlardagi xonadonlarda havo harorati bir xil. Tashqari juda issiq bo‘lishiga qaramay uy ichi isib ketmagan. Zax yoki boshqa noxushliklar sezilmaydi. Xonalar keng, yorug‘. Eshik va derazalar zamonaviy materiallardan tayyorlangan, sifatli. Oshxona, hammom zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Uyning sakkizinchi qavatida yashovchi oila bekalarining aytishicha, xonadonga konditsioner qo‘yishga ehtiyoj yo‘q. Kunduzi ham, tunda ham havo harorati me’yorida.
– Bugungi kunda tumanimizda aholini uy-joy bilan ta’minlashning eng samarali yo‘li – ko‘p qavatli uylar ekan, – deydi N.Shodiyev. – Sababi, bilasiz, Urgutda aholi ko‘p, lekin yer maydonimizning har biri qarichi hisobli. Agar aholi ehtiyoji uchun bir qavatli hovli-joylar qurishda davom etsak, qishloq xo‘jaligi sohasida, demakki, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashda keyinchalik muammolar kelib chiqishi mumkin. Ko‘p qavatli uylar esa bu borada samarali yechim. Birgina mana shu massivning o‘zida yana 20 dan ortiq 12, 14, 16 qavatli uy qurilishini davom ettirsak, yuzlab oilalarimiz o‘z xonadoniga ega bo‘ladi. Uylar bilan birga bu yerda ta’lim va tibbiyot mussasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ishlab chiqarish korxonalari quriladi. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, yaqin yillarda Mergancha haqiqatdan ham zamonaviy shaharcha bo‘ladi.
16 qavat zabt etilgan, navbat 22, 30 qavatli uylarga
Shu paytgacha Samarqanddagi eng baland binolar 12-15 qavatni tashkil etgan. Ya’ni, viloyat hokimligining kengashlar uyi va So‘g‘diyona maskanidagi bitta ko‘p qavatli uy 12 qavatdan iborat bo‘lgan. Gagarin ko‘chasida ilgari mehmonxona sifatida foydalanilgan va keyinchalik rekonstruksiya qilinib, uy-joyga moslashtirilgan bino esa 15 qavat bo‘lgan. O‘tgan asrning 70-80 yillarida foydalanishga topshirilgan bu binolar ham bir necha yillar davomida bunyod etilganini katta avlod vakillari hali hanuz eslab gapirishadi.
Ammo bugun Samarqand shahrini jahon turizm maskanlaridan biriga aylantirish borasida muayyan dasturlar asosida ish olib borilar ekan, qadimiy kentning tarixiy hududida ko‘p qavatli uylar qurilishiga emas, aksincha mavjud binolarning qadimiy, sharqona arxitekturasini saqlab qolish, ularni turistik ob’yekt sifatida sayyohlarga ko‘rsatishga e’tibor qaratilmoqda. Osmono‘par uy-joylar, zamonaviy bino va inshootlar esa shaharning tarixiy qismidan chetda bunyod etilmoqda.
Birgina Samarqand tumanining Qorasuv massividan Samarqand shahri uchun ajratilgan 100 gektarlik maydonda yaqin yillarda yuz ming, keyinchalik esa bir million aholi yashaydigan zamonaviy shaharcha qurilmoqda. “Obod maskan” deb nom olgan mazkur hududda 2018 yildan buyon 100 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi. Ularning yigirmadan ortig‘i 12, 14, 16 qavatli binolardir. Bu borada boy tajriba to‘plagan “Agromir bildings” korxonasi joriy yilda 48 ta ana shunday osmono‘par uylarni bunyod etmoqda.
“O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi esa 3 ta 16 qavatli uy buyurtmachisi hisoblanadi.
– Shu paytgacha ham mazkur massivda besh-yetti qavatli uylar qurganmiz, – deydi “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasining Samarqand viloyati bo‘yicha nazoratchisi Sherzod Ahmedov – Lekin 16 qavatli bu uylar o‘zining ko‘rinishi, dizayni, yaratiladigan qulay sharoitlari, eng muhimi o‘ziga xos qurilish texnologiyasi bilan ajralib turadi. Yana bir e’tiborli tomoni o‘tgan yil qurilgan ko‘p qavatli uylarimizda xonadon ichi balandligi 2,7 metrni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 3 metr qilib qurilmoqda. Bu nozik didli kishilar talabiga ham javob beradi, degani. E’tiborlisi, bu 240 xonadon uy-joyga ehtiyojmand aholiga imtiyozli kredit asosida beriladi.
Darvoqe, yana bir ma’lumot. Endilikda ushbu massivda 22 qavatdan 30 qavatgacha bo‘lgan uy-joy binolarini qurish rejalashtirilmoqda. Demak, Samarqandda 16 qavatli uy hozircha, eng baland bino. Lekin yaqin orada bu marra yanada yuksaladi. Bu o‘rinda gap binoning qanchalik balandligida ham emas, balki aholi turmush darajasining yuksalib, zamonaviy, har tomonlamay shinam va qulay xonadonlarda yashashga intilishning kuchayib borayotganida.
G‘olib HASANOV,
Alisher ISROILOV (foto).